O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilmoqda

O‘zbekiston va Hindiston fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy etiladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi bosqichdagi hamkorlik
Davlat rahbari o‘z nutqida O‘zbekiston va Hindiston munosabatlari rasman keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi. Tomonlar erishilgan barcha kelishuvlar ijrosini tizimli nazorat qilish maqsadida tashqi ishlar vazirlari darajasida ishlaydigan alohida mexanizm tashkil etishni rejalashtirgan.
Iqtisodiyot va savdoda yangi marralar
O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, davlatlar o‘rtasidagi savdo aylanmasi 33 foizga oshib, $1,3 mlrdni tashkil qildi. Tomonlar bu raqamni 2030-yilgacha $5 mlrdga yetkazishni maqsad qilmoqda. Shuningdek, 2026-yilning 7 oyida o‘zaro savdo aylanmasi $698,7 mln miqdorida qayd etilgan.
Turizm va ta’lim istiqbollari
Muzokaralarda turizm va madaniy aloqalarni kengaytirish bo‘yicha qator rejalar tasdiqlandi. Ikkala davlat o‘rtasida madaniyat haftaliklari va kinofestivallar tashkil etilishi kutilmoqda. Shuningdek, yangi qo‘shma turistik yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish orqali mamlakatlararo sayyohlar oqimini oshirish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Kursiv nashri 30 kunlik vizasiz rejim bo‘yicha O‘zbekiston va Gonkong notalar almashgani haqida xabar bergan edi.