O‘zbekistonda tug‘ilishlar soni 2050-yilgacha 40 foizdan ko‘proqqa oshishi mumkin

O‘zbekistonda tug‘ilishlar soni kelgusi yillarda o‘sishda davom etishi kutilmoqda. «Oila va gender» ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda mamlakatdagi demografik jarayonlarning uzoq muddatli prognozi taqdim etildi.
Tadqiqot «Ichki va tashqi migratsiyaning demografik jarayonlar va oila institutiga uzoq muddatli ta’sirini baholash» ilmiy loyihasi doirasida amalga oshirilgan.
2050-yilga kelib tug‘ilishlar 1,2 mln nafardan oshishi mumkin
Prognozlarga ko‘ra, O‘zbekistonda tug‘ilishlar soni 2030-yilga borib 892,7 ming nafarni, 2040-yilda 1 mln 16,1 ming nafarni tashkil etadi. 2050-yilga kelib esa bu ko‘rsatkich 1 mln 234,1 ming nafarga yetishi kutilmoqda.
Shunday qilib, 2050-yilda tug‘ilishlar soni 2025-yildagiga nisbatan 354,5 ming nafarga yoki 40,3 foizga ko‘p bo‘lishi mumkin.
Toshkent viloyatida o‘sish eng yuqori bo‘lishi kutilmoqda
Hududlar kesimida tug‘ilishlar sonining eng yuqori o‘sishi Toshkent viloyati va Toshkent shahrida qayd etilishi prognoz qilinmoqda. Ushbu hududlarda o‘sish mos ravishda 62 va 61 foizni tashkil qilishi mumkin.
Keyingi o‘rinlarda Andijon viloyati 48,6 foiz, Samarqand viloyati 43,3 foiz va Namangan viloyati 42,4 foiz ko‘rsatkich bilan qayd etilgan.
Tug‘ilishning umumiy koeffitsiyenti bo‘yicha esa yaqin yillarda biroz pasayish, keyinchalik esa o‘sish tendensiyasi kuzatilishi kutilmoqda. Respublika bo‘yicha ko‘rsatkich 2030 yilda 21,2 promille, 2040 yilda 20,8 promille va 2050 yilda 21,9 promillega yetishi prognoz qilingan.
2050 yilda tug‘ilish koeffitsiyenti eng yuqori bo‘lishi kutilayotgan hududlar orasida Surxondaryo 24,7 promille bilan birinchi o‘rinda turadi. Qashqadaryoda bu ko‘rsatkich 23,8, Namanganda 23,1, Samarqandda 23,1, Andijonda 22,9 va Toshkent shahrida 22,3 promilleni tashkil etishi mumkin.
Tug‘ilishlar ko‘payishi infratuzilmaga bosimni oshiradi
Tadqiqotda qayd etilishicha, tug‘ilishlar sonining prognoz qilinayotgan o‘sishi mamlakatdagi ijtimoiy infratuzilmaga bo‘lgan ehtiyojni ham oshiradi. Xususan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta’lim, uy-joy va ijtimoiy xizmatlar sohalarida qo‘shimcha talab yuzaga kelishi mumkin.
Shuningdek, mehnat bozorida ham kelajakda yangi ish o‘rinlariga bo‘lgan ehtiyoj ortadi. Shu sababli demografik o‘zgarishlarni oldindan hisobga olish davlat resurslarini samarali taqsimlash va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli rejalarni ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Prognozlar, shuningdek, inson kapitaliga investitsiyalarni rejalashtirish va kelajakdagi ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarni oldindan baholash imkonini beradi.
Avvalroq 2026-yilning yanvar – iyun oylarida O‘zbekistonda 373 ming 389 ta tirik tug‘ilish holati qayd etilgandi.