O‘zbekiston ayollar shaxmat terma jamoasi kuchli 15 talikdan joy oldi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
O‘zbekiston terma jamoasining o‘rtacha reytingi 2 345 ballni tashkil etmoqda
Foto: O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Samarqandda o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi oldidan kuchli jamoalar reytingida 13-o‘rinni egalladi. 

Musobaqaning rasmiy Chess-Results platformasida e’lon qilingan dastlabki reytingga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasining o‘rtacha reytingi 2 345 ballni tashkil etmoqda. Bu natija jamoaga 192 ta ayollar terma jamoasi orasida 13-o‘rin uchun saralash raqamini ta’minlagan.

O‘zbekiston tarkibida kimlar bor

O‘zbekiston terma jamoasi tarkibidan Afruza Xamdamova, Gulruxbegim Tohirjonova, Nilufarxon Imomquziyeva, Umida Omonova va Guldona Karimova o‘rin olgan. Jamoaning o‘rtacha reytingi 2 345 ball.

Tarkibdagi eng yuqori reytingli shaxmatchi – Afruza Xamdamova. Uning reytingi 2 440 ballni tashkil etadi. Undan keyingi o‘rinlarda Gulruxbegim Tohirjonova (2 355), Nilufarxon Imomquziyeva (2 296), Umida Omonova (2 287) va Guldona Karimova (2 253) bormoqda.

O‘zbekiston kimlardan ortda

Reytingda Hindiston 2 476 ball bilan birinchi o‘rinni egallagan. Keyingi pog‘onalardan Gruziya (2 449), Xitoy (2 432), Qozog‘iston (2 421) va AQSh (2 413) joy olgan.

O‘zbekiston esa Niderlandiya (2 348)dan keyin 13-o‘rinda qayd etilgan. Shu bilan birga, terma jamoa Shveysariya (2 340), Bolgariya (2 332) va Armaniston (2 329) kabi jamoalarni ortda qoldirgan.

Ayollar terma jamoalari reytingi:

  1. Hindiston – 2476
  2. Gruziya – 2449
  3. Xitoy – 2 432
  4. Qozog‘iston – 2 421
  5. AQSh – 2 413
  6. Ukraina – 2 398
  7. Ozarbayjon – 2 385
  8. Polsha – 2 376
  9. Fransiya – 2 373
  10. Germaniya – 2 368
  11. Serbiya – 2 351
  12. Niderlandiya – 2 348
  13. O‘zbekiston – 2 345

Olimpiada Samarqandda o‘tkaziladi

46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi 15 – 27-sentabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadi. Musobaqani O‘zbekiston va Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) tashkil qilmoqda.

Shu sababli O‘zbekiston ayollar terma jamoasining 13-o‘rindagi boshlang‘ich reytingi mamlakat uchun alohida ahamiyatga ega. Turnir boshlanishidan oldingi reyting jamoalarning dastlabki saralash raqamini belgilaydi, yakuniy natijani esa bevosita olimpiadadagi o‘yinlar hal qiladi.

Avvalroq Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti kengashi rossiyalik grossmeysterlarni Samarqandda o‘tkaziladigan Butunjahon shaxmat olimpiadasida ishtirok etishga qo‘ymagani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek