«Paxtakor» himoyachisini Fransiyaga qo‘yib yubormadi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Klub hozirgi vaziyatda futbolchining transferi bo‘yicha takliflarni faqat qishki transfer oynasida ko‘rib chiqishi mumkin
Foto: Paxtakor

Toshkentning «Paxtakor» klubi himoyachi Muhammadrasul Abdumajidovning Fransiyaning «Brest» klubiga ehtimoliy transferi yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Klubga ko‘ra, Abdumajidovni sotib olish bo‘yicha xorij klubidan bevosita rasmiy taklif kelib tushmagan. Fransuz jamoasining taklifini futbolchining agenti «Paxtakor»ga taqdim etgan.

Taklif «Paxtakor»ni qoniqtirmadi

Klub bayonotida qayd etilishicha, fransuz tomoni himoyachini keyinchalik sotib olish huquqi bilan ijaraga olish variantini taklif qilgan. Biroq ushbu shartlar «Paxtakor»ni qoniqtirmagan.

Shu bilan birga, klub futbolchilar uchun munosib takliflarni ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirgan.

«Paxtakor» ayni paytda mavsumning muhim bosqichida ekani, shuningdek, O‘zbekistonda yozgi transfer oynasi yopilgani sabab futbolchining o‘rnini to‘ldirish imkoniyati cheklangani ta’kidlangan.

Ikki markaziy himoyachi allaqachon jamoani tark etgan

Klub ma’lumotiga ko‘ra, yozgi transferlar davrida jamoaning ikki nafar markaziy himoyachisi boshqa klublarga o‘tgan.

Shu sababli «Paxtakor» tarkibdagi yana bir muhim futbolchini qo‘yib yuborish jamoaning kuchsizlanishiga olib kelishi mumkinligini hisobga olgan.

«Oldimizda Elit Chempionlar Ligasi bahslari turibdi. Hozirgi asosiy maqsadimiz jamoa tarkibini kuchaytirish, uni kuchsizlantirish emas», – deyiladi bayonotda.

Transfer bo‘yicha muzokaralar qishda davom etishi mumkin

«Paxtakor» Abdumajidov bo‘yicha taklif ertaroq kelganida uni batafsil muhokama etish mumkin bo‘lganini ma’lum qildi.

Klub hozirgi vaziyatda futbolchining transferi bo‘yicha takliflarni faqat qishki transfer oynasida ko‘rib chiqish imkoniyati borligini bildirgan.

Avvalroq Jahongir Ortiqxo‘jayev klub bilan hamkorlikni yakunlagach, «sherlar» boshqaruvi yana Toshkent shahar hokimligi tasarrufiga qaytayotgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek