Mirziyoyev ShHTning 2040-yilgacha rivojlanish konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif qildi

eʼlon qilindi
Mirziyoyev o‘z nutqida «ShHT – 2040: umumiy taraqqiyot makoni» konseptual qarashini ishlab chiqishni taklif qildi
Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-sentabr kuni Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a’zo davlatlar rahbarlari kengashining yubiley yig‘ilishida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tashkilotning 25 yillik faoliyatiga bag‘ishlangan sammitda ShHTning bugungi faoliyati, mintaqaviy barqarorlik, iqtisodiy hamkorlik va xalqaro xavfsizlik masalalari muhokama qilindi.

«ShHT – 2040» konsepsiyasi taklif etildi

Mirziyoyev o‘z nutqida «ShHT – 2040: umumiy taraqqiyot makoni» konseptual qarashini ishlab chiqishni taklif qildi.

Prezidentga ko‘ra, ushbu tashabbus investitsiyalar, texnologiyalar va bilimlarning erkin almashinuvi uchun yagona makon yaratishga xizmat qilishi kerak.

Shuningdek, yirik infratuzilma va sanoat loyihalarini amalga oshirish, biznes hamda hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish konsepsiyaning muhim yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatildi.

Sanoat va transport hamkorligi kuchaytiriladi

Davlat rahbari ShHT Sanoat kooperatsiyasi xaritasini ishlab chiqish tashabbusini ham ilgari surdi.

Mazkur tizim maxsus iqtisodiy zonalar, ishlab chiqarish jarayonlari, sotuv bozorlari va logistika imkoniyatlarini yagona raqamli platformada birlashtirishi mumkin.

Bundan tashqari, ShHT Taraqqiyot bankini amalda ishga tushirish hamda transport, energetika, sanoat kooperatsiyasi va raqamli infratuzilma sohalarida qo‘shma loyihalar portfelini shakllantirish taklif qilindi.

Xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish uchun ShHT davlatlarining temir yo‘l tizimlari integratsiyasi bo‘yicha kengash tashkil etish masalasi ham ko‘tarildi.

Sun’iy intellekt bo‘yicha hamkorlik taklif qilindi

Mirziyoyev Xitoy raisi Si Szinpinning sun’iy intellekt sohasida xalqaro hamkorlik tashkilotini tuzish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

O‘zbekiston prezidenti ShHTning ushbu yangi texnologik tuzilma bilan sheriklik o‘rnatishini, shuningdek, tashkilot doirasida ochiq va ko‘p tilli ma’lumotlar korpusini shakllantirishni taklif etdi.

Shuningdek, O‘zbekiston ShHTning sun’iy intellekt va yangi raqamli yechimlarga bag‘ishlangan forumini o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

Suv va energetika xavfsizligi kun tartibiga chiqdi

Sammitda iqlim o‘zgarishi sharoitida oziq-ovqat, suv va energetika xavfsizligi bo‘yicha yagona kun tartibini shakllantirish zarurligi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan 2035 yilgacha suv va energetika samaradorligi bo‘yicha ShHTning texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish taklif etildi.

Bundan tashqari, Afg‘onistondagi tinchlik va barqarorlik masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Prezident ShHTning Afg‘oniston vakillari bilan muntazam muloqotini qayta tiklash tashabbusini ilgari surdi.

Toshkentdagi yangi markaz faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Mirziyoyev Toshkent shahrida Xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markaz tashkil etilishi ShHTning institutsional rivojlanishida yangi bosqich bo‘lishini ta’kidladi.

Sammit yakunida Bishkek deklaratsiyasi, ShHT Xartiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha bayonnoma hamda yadroviy xavfsizlik va boshqa ustuvor yo‘nalishlarga oid qator hujjatlar imzolandi.

Shuningdek, yig‘ilish yakunida ShHTga raislik Pokistonga topshirildi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Bishkekka amaliy tashrifi doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek