Bishkekdagi ShHT sammitida 28 ta hujjat imzolandi

Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishi yakunida 28 ta hujjat imzolandi va tasdiqlandi. Sammit Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov raisligida o‘tdi.
Asosiy hujjat — Bishkek deklaratsiyasi
Sammitning eng muhim hujjati ShHTning 25 yilligiga bag‘ishlangan Bishkek deklaratsiyasi bo‘ldi.
Bundan tashqari, tashkilot Xartiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Ishtirokchi davlatlar ShHT doirasidagi hamkorlikning xavfsizlik, raqamli texnologiyalar, ekologiya hamda transport kabi ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qator kelishuvlarni tasdiqladi.
Xavfsizlik bo‘yicha yangi markazlar tashkil etiladi
Imzolangan hujjatlarning bir qismi mintaqaviy xavfsizlik masalalariga bag‘ishlandi.
Xususan, xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha Universal markaz hamda ShHTning Aksilnarkotik markazi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi.
Shuningdek, 2030 yilgacha giyohvandlikka qarshi kurashish va sintetik narkotiklar tarqalishining oldini olish bo‘yicha dasturlar qabul qilindi.
Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha hamkorlik kengayadi
ShHT davlatlari raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va axborot xavfsizligi sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.
Xususan, 2026 – 2028-yillarga mo‘ljallangan xalqaro axborot xavfsizligi bo‘yicha hamkorlik rejasi tasdiqlandi.
Bundan tashqari, mintaqaviy ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari va hisoblash quvvatlarini yaratish konsepsiyasi qabul qilindi.
«Yashil texnologiyalar» va logistika bo‘yicha rejalar tasdiqlandi
Sammit yakunida ekologiya va iqlim masalalariga oid hujjatlar ham imzolandi.
Tomonlar biologik xilma-xillikni saqlash hamda ShHT doirasida «yashil texnologik yo‘lak»ni rivojlantirish bo‘yicha rejalarni qabul qildi.
Transport sohasida esa 2026 – 2030-yillarga mo‘ljallangan ShHT davlatlari portlari va logistika markazlarini rivojlantirish rejasi tasdiqlandi.
Shuningdek, jinoyatchilikka qarshi kurash, iqlim o‘zgarishi va sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha ham hamkorlik hujjatlari imzolandi.
Avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bishkek shahriga amaliy tashrifi doirasida VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida ishtirok etgani haqida xabar berilgandi.