Toshkent metrosida poyezdlar oralig‘i qisqartiriladi

eʼlon qilindi
Avtobuslar soni ham ko‘paytiriladi
Toshkent metrosida poyezdlar oralig‘i qisqartiriladi
Foto: Toshkent metropoliteni

2-sentabrdan yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan Toshkent metrosida tig‘iz vaqtlarda poyezdlar harakati oralig‘i qisqartiriladi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Xususan, tig‘iz vaqtlarda Chilonzor yo‘nalishida poyezdlar oralig‘i 1,5-2 daqiqagacha qisqartiriladi. O‘zbekiston yo‘nalishida bu ko‘rsatkich 3-3,5 daqiqa, Yunusobod yo‘nalishida 4-4,5 daqiqa, yerusti halqa yo‘nalishida esa 7-8 daqiqani tashkil etadi.

Joriy yilda metro uchun keltirilishi rejalashtirilgan 14 ta yangi tarkibning 11 tasi allaqachon liniyalarda ishlamoqda. Yana uchta tarkibni ishga tushirish kutilmoqda.

Avtobuslar soni ham ko‘paytiriladi

Toshkentda 170 ta avtobus yo‘nalishi bo‘yicha har kuni 24 mingdan ortiq rejali qatnovlar amalga oshiriladi.

Yoz mavsumida avtobuslar uchun o‘rtacha 1,6 mingta jadval amal qilgan bo‘lsa, yangi o‘quv yilidan ularning soni 1,7 mingtaga yetkaziladi.

Maktablar atrofida xavfsizlik choralari kuchaytirildi

Yangi o‘quv yili oldidan maktablar atrofidagi piyodalar o‘tish joylarida «zebra» chiziqlari yangilandi. Svetoforlar texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning ishlash rejimlari ham tartibga keltirildi.

Haydovchilardan maktablar yaqinida tezlikni pasaytirish, piyodalarga yo‘l berish, avtobus bekatlari va jamoat transporti uchun ajratilgan yo‘laklarni band qilmaslik so‘ralmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1-sinflardan ortib qolgan o‘quv qurollari bog‘chalarning tayyorlov guruhlariga berilishi ma’lum qilingandi.

Shuningdek