O‘zbekistonda bojxona tartiblarining bir qator talablari bekor qilinadi

O‘zbekistonda davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
«Yangi O‘zbekiston bojxonasi – 2030» strategiyasi tasdiqlandi
Farmon bilan 2026 – 2030-yillarga mo‘ljallangan «Yangi O‘zbekiston bojxonasi – 2030» strategiyasi tasdiqlandi.
Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bojxona jarayonlarida tadbirkorlik subyektlari hamda jismoniy shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish etib belgilandi.
Shuningdek, bojxona organlari infratuzilmasini yaxshilash, sun’iy intellekt texnologiyalaridan kengroq foydalanish va raqamlashtirish darajasini oshirish ko‘zda tutilgan.
Bojxona ma’murchiligini yanada takomillashtirish ham strategiyaning asosiy yo‘nalishlari qatoriga kiritilgan.
Importda oldindan to‘lov bo‘yicha cheklov bekor qilinadi
2026-yil 1-sentabrdan tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan, faqat invoys asosida importni amalga oshirishda xorijiy hamkorga oldindan to‘lov o‘tkazish bo‘yicha mavjud cheklov bekor qilinadi.
Shuningdek, shartnoma tuzmasdan invoys asosida eksport qilishda oldindan 50 foiz tushumni ta’minlash talabi ham olib tashlanadi.
Milliy valyutadagi eksport uchun ayrim kafolatlar talab qilinmaydi
1-sentabrdan tovarlarni milliy valyutada eksport qilishda oldindan to‘lovni ta’minlash yoki to‘lovning kafolatlangan shakllarini taqdim etish talabi ham bekor qilinadi. Bunga akkreditiv, bank kafolati va sug‘urta polisi kabi to‘lov kafolatlari kiradi.
Ayrim sanitariya va ruxsatnoma talablari ham qisqartiriladi
Farmonga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish uchun mahsulot namunasi yetarli bo‘lmaganda sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirish talabi bekor qilinadi.
Bundan tashqari, bojxona rasmiylashtiruvi vaqtida ayrim mahsulotlar uchun alohida hujjatlarni taqdim etish majburiyati ham olib tashlanadi.
Xususan, biologik aktivlar va yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, polimer hamda parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini olib kirish uchun ruxsatnoma, shuningdek, dori vositalari va tibbiy jihozlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganini tasdiqlovchi guvohnomani bojxona jarayonida taqdim etish talabi bekor qilinadi. Yangi tartiblar 2026-yil 1-sentabrdan kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» Transport vazirligi xalqaro tashuvlar uchun ruxsatnomalar tizimiga izoh bergani haqida yozgan edi.