FIDE reytingi yangilandi: Sindarov o‘z o‘rnida, Abdusattorov yuqoriladi

Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) sentabr oyi uchun yangilangan reytingini e’lon qildi. Unda O‘zbekistonning yetakchi grossmeysterlari Javohir Sindarov va Nodirbek Abdusattorov dunyoning eng kuchli shaxmatchilari qatoridagi o‘rnini yanada mustahkamladi.
Ikki o‘zbekistonlik jahon Top-10 ligasida
Yangilangan reytingga ko‘ra, Javohir Sindarov 2 778 reyting ochkosi bilan dunyoning to‘rtinchi raqamli shaxmatchisi bo‘lib qolmoqda. U o‘tgan oyga nisbatan bir ochko qo‘shgan.
Nodirbek Abdusattorov esa 2 762 ochko bilan bir pog‘ona yuqorilab, jahon reytingida yettinchi o‘ringa chiqdi. Uning reyting ochkosi o‘zgarmagan bo‘lsa-da, raqiblar natijasidagi o‘zgarish Abdusattorovga yuqorilash imkonini berdi.
Shu tariqa O‘zbekiston ayni paytda jahon shaxmati Top-10 ro‘yxatida ikki nafar vakiliga ega kam sonli davlatlardan biri bo‘lib turibdi.
Reytingning yuqori qismida Magnus Karlsen 2 823 ochko bilan peshqadamlikni davom ettirmoqda. Hikaru Nakamura 2 792 ochko bilan ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa, Fabiano Karuana 2 789 ochko bilan uchinchi pog‘onaga tushgan.
Top-100’da yana uch nafar o‘zbekistonlik
Dunyoning eng kuchli 100 nafar shaxmatchisi orasida yana uch nafar O‘zbekiston vakili bor.
Nodirbek Yoqubboyev 2 685 ochko bilan 39-o‘rnini saqlab qoldi. Rustam Qosimjonov reyting ochkosini o‘zgartirmagan holda 52-o‘rindan 48-pog‘onaga ko‘tarildi. Shamsiddin Vohidov esa 2 654 ochko bilan 61-o‘rinda qayd etildi.
O‘zbekiston terma jamoasi dunyoda oltinchi
FIDE federatsiyalar reytingida ham O‘zbekiston yuqori pog‘onalardan joy olgan. Mamlakat terma jamoasi 2 628 ochko bilan dunyoda oltinchi o‘rinni egallab turibdi.
Ushbu reytingda AQSh 2 725 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. Hindiston ikkinchi, Xitoy esa uchinchi o‘rinda.
O‘zbekistonlik shaxmatchi qizlar ham oldinga siljidi
Ayollar reytingida Afruza Hamdamova o‘z hisobiga uch ochko qo‘shib, 2 443 reyting ochkosiga yetdi va jahon Top-100 ro‘yxatida 26-o‘rnini saqlab qoldi.
Gulruhbegim Tohirjonova esa ikki ochko qo‘shib, 2 357 reyting ochkosiga ega bo‘ldi. Bu natija unga reytingda 82-o‘rindan 80-pog‘onaga ko‘tarilish imkonini berdi.
Avvalroq O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Samarqandda o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi oldidan kuchli jamoalar reytingida 13-o‘rinni egallagani haqida xabar berilgandi.