Fond bozori: yana 22 ta yuqori likvidli aksiya haftani ijobiy yakunladi

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 21-avgustdan 28-avgustgacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 21,19 foizga oshdi.
Ushbu davr mobaynida «Olmaliq KMK» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 38,46 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «O‘ztransgaz» (+28,40%) va «Garant bank» aksiyalarida (+17,11%) ham o‘sish qayd etildi.
O‘z navbatida, «Trastbank» aksiyalari 43,64 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «Aloqabank» (-16,28%) va «Ipoteka-bank» (-3,95%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqatgina «Chilonzor buyum savdo kompleksi», «O‘zbektelekom», «Kapital sug‘urta» va «Buxoroneftgazparmalash» aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.

Bitimlar soni bo‘yicha UzNIF (5 288 ta), «O‘zbekinvest» (2 979 ta) va «Hamkorbank» (2 838 ta) peshqadam bo‘ldi.
Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «O‘zRTXB» (3,41 mlrd so‘m) yetakchilik qildi. UzNIF (2,82 mlrd so‘m) va «O‘zbektelekom» (2,20 mlrd so‘m) aksiyalari yuqori uchlikdan joy oldi.
Yuqori likvidli aksiyalardan 22 tasi haftani ijobiy, to‘rttasi o‘zgarishsiz va 12 tasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 58,66 mlrd so‘m bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq UzNIF aktivlari yarim yilda 6,1 foizga oshgani haqida ma’lumot berilgandi. O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) 2026-yilning dastlabki olti oyidagi moliyaviy natijalarini e’lon qildi. Hisobotga ko‘ra, fondning sof aktivlari qiymati 6,1 foizga o‘sib, 30-iyun holatiga 31,67 trln so‘mga yetgan.