Mehmonxonalar uchun soliq imtiyozlari 2030-yilgacha uzaytiriladi

O‘zbekistonda turizm va mehmonxona biznesini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imtiyozlar muddati uzaytiriladi. Yangi chora-tadbirlar doirasida mehmonxonalar uchun mol-mulk va yer soliqlari stavkasining 10 foizi miqdoridagi koeffitsiyent 2030-yilgacha saqlanib qoladi.
Bu prezidentning 27-avgustdagi farmonida belgilangan. Hujjat mamlakatda turistik va servis infratuzilmasini rivojlantirish hamda tadbirkorlar uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan.
Mehmonxona qurilishiga subsidiyalar davom etadi
Uch, to‘rt va besh yulduzli mehmonxonalarni qurish uchun ajratiladigan subsidiyalarni berish muddati 2029-yil 1-yanvargacha uzaytiriladi.
Mehmonxonaga tegishli yulduz toifasini tasdiqlashda xorijiy tashkilot xulosasini olish majburiy bo‘lmaydi.
Turistik transport vositalarini bojxona to‘lovisiz olib kirish mumkin
Turizm sohasi vakillariga avtobus, elektrobus va mikroavtobuslarni O‘zbekistonga bojxona boji to‘lamasdan olib kirish imkoniyati ham beriladi. Ushbu imtiyoz 2028-yil boshigacha amal qiladi.
Mehmonxonalarga 50 milliard so‘mgacha kredit uchun imtiyoz
Kompensatsiya mexanizmi orqali mehmonxona biznesiga ajratiladigan uzoq muddatli kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.
Yangi mehmonxona qurish uchun 50 milliard so‘mgacha, mavjud mehmonxonalarni rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun esa 20 milliard so‘mgacha bo‘lgan kreditlar imtiyoz doirasiga kiradi.
Kredit muddati 10 yilgacha etib belgilanadi. Milliy valyutadagi kreditlarda yillik 16 foizdan yuqori qismdagi foiz xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi. Valyuta kreditlari bo‘yicha esa tegishli xalqaro stavkalar asos qilib olinadi.
Xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi turoperatorlar uchun QQS nol stavkada
O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi turoperatorlarning xorijiy turistlarga ko‘rsatadigan xizmatlariga qo‘shilgan qiymat solig‘i nol stavkada qo‘llanadi.
Bu choralar xorijiy sayyohlar oqimini oshirish va turizm xizmatlari eksportini kengaytirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Turistik majmualarga 30 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi
Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tarkibidagi «TRK Invest» kompaniyasi turistik majmualar, sanatoriylar, tibbiyot va sog‘lomlashtirish markazlarini barpo etish uchun 30 milliard so‘mgacha maqsadli kreditlar ajratadi.
Mablag‘lar 10 yilgacha muddatga beriladi. Kredit stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasidan 2 foiz punktga past bo‘ladi.
Hozirda Markaziy bankning asosiy stavkasi 12 foiz bo‘lgani sababli, mazkur kreditlar yillik 10 foiz stavkada ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan turistik startaplarning xarajatlarining 50 foizigacha subsidiya berilishi haqida yozgandi.