Bojxonadagi yangiliklar, Mirziyoyevning Karimov majmuasiga tashrifi — 2-sentabr yangiliklari

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan muhim yangiliklarni bir joyga jamladi
Foto: mytashkent.uz

Kursiv Uzbekistan 2-sentabr kuni mahalliy va xalqaro maydonda yuz bergan yangiliklarni bir joyga jamladi.

Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan 12 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi

Rossiya hududida ota-ona qaramog‘isiz qolgan 12 nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.

Voyaga yetmaganlar 2026-yil 29-avgust kuni Toshkent shahridagi Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroport orqali O‘zbekistonga yetib keldi. Shundan so‘ng 12 nafar bolaning barchasi yaqin qarindoshlariga topshirildi.

Bolalar ijtimoiy xizmatlar nazoratida bo‘ladi

Vatanga qaytarilgan bolalarning oilaga moslashuvi, huquq va manfaatlarini ta’minlash hamda ularga zarur ijtimoiy yordam ko‘rsatish ishlari davom ettiriladi.

Bu jarayon bolalarning yashash manzili bo‘yicha «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan olib boriladi.

Toshkent metrosida poyezdlar oralig‘i qisqartiriladi

2-sentabrdan yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan Toshkent metrosida tig‘iz vaqtlarda poyezdlar harakati oralig‘i qisqartiriladi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Xususan, tig‘iz vaqtlarda Chilonzor yo‘nalishida poyezdlar oralig‘i 1,5-2 daqiqagacha qisqartiriladi. O‘zbekiston yo‘nalishida bu ko‘rsatkich 3-3,5 daqiqa, Yunusobod yo‘nalishida 4-4,5 daqiqa, yerusti halqa yo‘nalishida esa 7-8 daqiqani tashkil etadi.

Joriy yilda metro uchun keltirilishi rejalashtirilgan 14 ta yangi tarkibning 11 tasi allaqachon liniyalarda ishlamoqda. Yana uchta tarkibni ishga tushirish kutilmoqda.

O‘zbekistonda bojxona tartiblarining bir qator talablari bekor qilinadi

O‘zbekistonda davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

«Yangi O‘zbekiston bojxonasi – 2030» strategiyasi tasdiqlandi

Farmon bilan 2026 – 2030-yillarga mo‘ljallangan «Yangi O‘zbekiston bojxonasi – 2030» strategiyasi tasdiqlandi.

Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bojxona jarayonlarida tadbirkorlik subyektlari hamda jismoniy shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish etib belgilandi.

Shuningdek, bojxona organlari infratuzilmasini yaxshilash, sun’iy intellekt texnologiyalaridan kengroq foydalanish va raqamlashtirish darajasini oshirish ko‘zda tutilgan.

Toshkent viloyatida mashhur brendlar nomi ostida mahsulot ishlab chiqargan yashirin sex aniqlandi

Toshkent viloyatining Chinoz tumanida mashhur brendlar nomi ostida gigiyenik kosmetika va maishiy kimyo vositalarini qo‘lbola usulda ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan yashirin sex faoliyati fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.

Tezkor tadbir davomida sexdan 18 mingdan ortiq tayyor mahsulot, minglab bo‘sh idishlar hamda ishlab chiqarishda foydalanilgan xomashyo ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi

2-sentabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovni xotirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, uning haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.

Marosimda Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Islom Karimovning O‘zbekiston mustaqilligi, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash hamda xalq farovonligini oshirish yo‘lidagi xizmatlari yodga olindi.

1-oktabrdan bojxonada tadbirkorlar uchun yangi yengilliklar joriy etiladi

2026-yil 1-oktabrdan ayrim tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga importda to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish imkoniyati beriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Shuningdek, eksport jarayonlarining raqamlashtirilishi hisobiga bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati, fumigatsiya va tovarning kelib chiqish sertifikati uchun yig‘im hamda to‘lovlar 30 foizga kamaytiriladi.

O‘zbekistonda naqd valyutani olib chiqish bo‘yicha yangi limit joriy etiladi

O‘zbekistondan chet elga naqd valyuta olib chiqish tartibi o‘zgaradi. Yangi tartibga ko‘ra, jismoniy shaxslar mamlakatdan $10 ming ekvivalentigacha bo‘lgan naqd valyutani deklaratsiya to‘ldirmasdan olib chiqishi mumkin bo‘ladi.

Yangi me’yor qonunchilikka kiritiladi

Bu tartib prezidentning 28-avgustdagi farmoni bilan tasdiqlangan bojxona sohasini isloh qilish bo‘yicha chora-tadbirlar doirasida belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, $10 ming ekvivalentidan ortiq naqd valyuta olib chiqilayotganda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirishi kerak bo‘ladi.

Yangi talabni amaliyotga joriy etish uchun tegishli qonun loyihasi 2027-yil dekabrigacha ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Jarayonga Bojxona qo‘mitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank hamda Adliya vazirligi mas’ul etib belgilangan.

Mehmonxonalar uchun soliq imtiyozlari 2030-yilgacha uzaytiriladi

O‘zbekistonda turizm va mehmonxona biznesini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imtiyozlar muddati uzaytiriladi. Yangi chora-tadbirlar doirasida mehmonxonalar uchun mol-mulk va yer soliqlari stavkasining 10 foizi miqdoridagi koeffitsiyent 2030-yilgacha saqlanib qoladi.

Bu prezidentning 27-avgustdagi farmonida belgilangan. Hujjat mamlakatda turistik va servis infratuzilmasini rivojlantirish hamda tadbirkorlar uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan.

Mehmonxona qurilishiga subsidiyalar davom etadi

Uch, to‘rt va besh yulduzli mehmonxonalarni qurish uchun ajratiladigan subsidiyalarni berish muddati 2029-yil 1-yanvargacha uzaytiriladi.

Mehmonxonaga tegishli yulduz toifasini tasdiqlashda xorijiy tashkilot xulosasini olish majburiy bo‘lmaydi.

Shuningdek