Nyu-York maktablarida o‘quvchilarga sun’iy intellektdan foydalanish taqiqlanadi

eʼlon qilindi
Yangi tartib qariyb 600 ming nafar o‘quvchini, ya’ni shahardagi maktab o‘quvchilarining uchdan ikki qismini qamrab oladi
Foto: Cdn.com

Nyu-York shahri maktab tizimida 8-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilarning sun’iy intellektdan foydalanishi taqiqlanadi. Yangi tartib qariyb 600 ming nafar o‘quvchini, ya’ni shahardagi maktab o‘quvchilarining uchdan ikki qismini qamrab oladi. Yangi qoidalarni Nyu-York shahri Ta’lim departamenti 3-sentabr kuni e’lon qilishi kutilmoqda. Bu haqda Politico yozdi.

Kimlarga SI’dan foydalanish cheklanadi

Yangi siyosatga ko‘ra, maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich va o‘rta maktab o‘quvchilari generativ sun’iy intellekt vositalaridan foydalana olmaydi.

Bundan tashqari, maktabgacha ta’limdan 2-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar uchun shaxsiy qurilmalardan foydalanish ham asosan taqiqlanadi.

3 – 5-sinf o‘quvchilari uchun individual qurilmalardan foydalanish kuniga 30 daqiqadan, o‘rta maktab o‘quvchilari uchun esa 45 daqiqadan oshmasligi tavsiya etiladi.

Yuqori sinf o‘quvchilari uchun SI’dan foydalanish esa cheklanadi. Biroq savodxonlik, kasbga tayyorlash va sertifikatlash dasturlari, shuningdek, ayrim maktablarda amalga oshirilayotgan beshta pilot loyihada sun’iy intellektdan foydalanishga ruxsat beriladi.

Nega SI’ga cheklov kiritilmoqda

Nyu-Yorkdagi yangi tartib ota-onalar, o‘qituvchilar va siyosatchilarning maktablarda texnologiyadan foydalanish bo‘yicha xavotirlari kuchaygan bir paytda joriy etilmoqda.

Ular sun’iy intellektning o‘quv jarayoniga, bolalarning diqqatini jamlash qobiliyatiga va shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligiga ta’siridan xavotir bildirgan.

Shuningdek, yangi qoidalar shaharning mart oyida taqdim etilgan dastlabki SI yo‘riqnomasiga nisbatan ancha qat’iy hisoblanadi. Avvalgi hujjatda sun’iy intellektdan foydalanish «svetofor» tizimi orqali tartibga solinib, ayrim vazifalarga ruxsat berilgan, boshqalariga esa taqiq qo‘yilgandi.

Istisnolar ham mavjud

Yangi cheklovlar barcha holatlarga taalluqli emas. Nogironligi bo‘lgan o‘quvchilar va ingliz tilini o‘rganayotgan bolalar uchun yordamchi texnologiyalardan foydalanishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, kod yozish bo‘yicha topshiriqlar va elektron kitoblardan foydalanish ham cheklovlardan mustasno bo‘ladi.

Nyu-York shahri maktab tizimi yangi siyosatni shakllantirishda ota-onalar, o‘quvchilar, o‘qituvchilar, kasaba uyushmalari vakillari va ekspertlardan iborat koalitsiya tuzishni ham rejalashtirmoqda.

Shahar kengashining ta’lim masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Erik Dinovitsning aytishicha, Ta’lim departamenti oilalar va jamoatchilikdan kelib tushgan takliflarni inobatga olishga harakat qilmoqda. Biroq yangi qoidalar bo‘yicha ekran vaqtining nazorat qilinishi va o‘qituvchi hamda o‘quvchilar uchun qanday treninglar tashkil etilishi borasida savollar qolmoqda.

Avvalroq Microsoft asoschisi Bill Geyts sun’iy intellekt va robotlar inson mehnatini siqib chiqara boshlagan sari ulardan foydalanishga soliq joriy etish kerakligini taklif qilgandi.

Shuningdek