Toshkentda avtomobillar 30 foizga oshdi, tirbandlik 6 ballni tashkil etdi

2-sentabr kuni Toshkent ko‘chalarida transport oqimi odatiy ish kuniga nisbatan 30 foizga oshdi. Shunga qaramay, shahar bo‘yicha umumiy tirbandlik darajasi 6 ballda saqlanib qoldi.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lumotlariga ko‘ra, yangi o‘quv yilining ilk kunida poytaxt ko‘chalaridagi avtomobillar soni 24-avgustdagi odatiy ish kuniga nisbatan sezilarli ko‘paygan.
Ayrim yo‘l uchastkalarida harakat tezligi pasaygan bo‘lsa-da, tirbandliklarning keskin ortishiga yo‘l qo‘yilmagan.
Tirbandlik real vaqt rejimida kuzatildi
Markaz transport oqimini markazlashgan tarzda boshqarish uchun Vaziyatlar markazini ishga tushirgan.
Tizimga Toshkentdagi deyarli barcha muhim tartibga solinadigan chorrahalar ulangan. Mutaxassislar real vaqt rejimida yo‘l holati, avtomobillar navbati, svetoforlar ishlashi va jamoat transporti harakatini kuzatib boradi.
Bu tirbandlik kattalashib, qo‘shni ko‘chalarga tarqalishidan oldin muammoni aniqlash imkonini beradi.
Svetoforlar tirbandlikka qarab qayta sozlanadi
Avtomobillar navbati ortganida mutaxassislar transport oqimi va qo‘shni yo‘llardagi vaziyatni tahlil qiladi.
Zarurat tug‘ilganda yuklama katta bo‘lgan yo‘nalishda yashil chiroq davomiyligi uzaytiriladi, svetofor fazalari o‘zgartiriladi va qo‘shni chorrahalardagi svetoforlar o‘zaro muvofiqlashtiriladi.
Shundan keyin harakatning qanchalik tez tiklanayotgani yana kuzatiladi.
YTH bo‘lsa, YHXB xodimlari jalb qilinadi
Agar tirbandlik svetofor sozlamalari emas, balki yo‘l-transport hodisasi, nosoz avtomobil, yo‘lning yopilishi, ta’mirlash yoki noto‘g‘ri to‘xtash sabab yuzaga kelsa, ma’lumot Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga yetkaziladi.
Bunday holatlarda harakat qo‘lda tartibga solinishi, yo‘l tasmasi bo‘shatilishi yoki aylanib o‘tish yo‘li tashkil etilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent metrosida poyezdlar oralig‘i qisqartirilishi haqida ma’lumot berilgandi. Xususan, tig‘iz vaqtlarda Chilonzor yo‘nalishida poyezdlar oralig‘i 1,5-2 daqiqagacha qisqartiriladi. O‘zbekiston yo‘nalishida bu ko‘rsatkich 3-3,5 daqiqa, Yunusobod yo‘nalishida 4-4,5 daqiqa, yerusti halqa yo‘nalishida esa 7-8 daqiqani tashkil etadi.