Uber Londonda robotaksi xizmatini ishga tushirdi

Uber Londonda sun’iy intellekt yordamida boshqariladigan avtomobillar asosidagi robotaksi xizmatini ishga tushirdi. Bu kompaniyaning Yevropada bunday xizmatni yo‘lga qo‘ygan ikkinchi shahri bo‘ldi.
Yangi xizmatda Britaniyaning Wayve kompaniyasi ishlab chiqqan avtonom boshqaruv texnologiyasi qo‘llanmoqda. Dastlab avtomobillarda xavfsizlikni nazorat qiluvchi litsenziyaga ega operator bo‘ladi. Keyinchalik esa Uber xizmatni to‘liq haydovchisiz rejimga o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Yo‘lovchiga robotaksi qo‘shimcha to‘lovsiz kelishi mumkin
Londonda UberX, Uber Comfort yoki Uber Electric tariflari orqali avtomobil chaqirgan foydalanuvchilarga ayrim hollarda Ford Mustang Mach-E robotaksisi yuborilishi mumkin.
Buning uchun yo‘lovchidan alohida qo‘shimcha haq olinmaydi. Hozircha xizmat doirasida 20 tadan kam robotaksi ishlamoqda.
Shu bilan birga, avtomobillarni to‘liq haydovchisiz boshqarish rejimiga o‘tish uchun Uber Londonda yana bir qator ruxsatlarni olishi kerak.
Wayve tizimi yo‘l sharoitiga moslasha oladi
Robotaksilarda britaniyalik Wayve kompaniyasining sun’iy intellektga asoslangan boshqaruv tizimi qo‘llaniladi.
Ushbu texnologiya avtomobil harakati davomida ma’lumot to‘plab, turli yo‘l sharoitlari, ob-havo va yangi yo‘nalishlarga moslasha oladi.
Bu esa tizimga avvaldan faqat bitta marshrut bo‘yicha ishlash bilan cheklanib qolmasdan, turli sharoitlarda tajriba asosida harakatlanish imkonini beradi.
Uber va Wayve 2024-yildan beri hamkorlik qiladi
Uber va Wayve o‘rtasidagi hamkorlik 2024-yilda boshlangan. Kompaniyalar kelajakda mazkur texnologiyani boshqa mamlakatlarda ham joriy etishni rejalashtirmoqda. Hozircha esa asosiy e’tibor Londondagi xizmatni bosqichma-bosqich kengaytirish va to‘liq haydovchisiz rejimga o‘tish uchun zarur ruxsatlarni olishga qaratilgan.
Avvalroq «Kursiv» Tesla bozorning 99 foiz ulushiga ega bo‘lishi mumkinligi haqida yozgan edi.