AQShda alkogol bilan bog‘liq saraton o‘limlari ikki baravar oshdi

AQShda alkogol iste’moli bilan bog‘liq saraton kasalliklaridan vafot etish holatlari so‘nggi o‘n yilliklarda keskin ko‘paygan. Yangi tadqiqotga ko‘ra, bunday o‘limlar soni 1990-yildagi 11 361 tadan 2023-yilda 23 126 tagacha yetgan.
Tadqiqot Mayami universiteti Miller tibbiyot maktabi tarkibidagi Silvester kompleks onkologiya markazi olimlari tomonidan olib borilgan. Natijalar Amerika klinik onkologiya jamiyatining yillik anjumanida taqdim etilib, The Lancet Regional Health – Americas jurnalida chop etilgan.
O‘limlar soni 33 yil ichida ikki baravardan ko‘proq oshdi
Olimlar Global Burden of Disease ma’lumotlaridan foydalanib, uch o‘n yildan ortiq davrdagi tendensiyalarni tahlil qilgan.
Natijalarga ko‘ra, alkogol iste’moli bilan bog‘liq saraton kasalliklaridan yillik o‘lim soni 1990-yildagi 11 361 tadan 2023-yilda 23 126 tagacha oshgan.
Tadqiqot mualliflari xavf faqat keksa yoshdagilar bilan cheklanmasligini qayd etgan. Alkogol bilan bog‘liq onkologik kasalliklardan o‘lim mehnatga layoqatli yoshdagi aholi orasida ham kuzatilmoqda.
Erkaklarda jigar saratoni yetakchi
Tadqiqotga ko‘ra, yoshi katta erkaklarda alkogol bilan bog‘liq saraton o‘limlarining eng katta qismi jigar saratoni hissasiga to‘g‘ri keladi.
Keyingi o‘rinlarda qizilo‘ngach saratoni va kolorektal saraton qayd etilgan.
20 – 54 yoshli erkaklarda esa yo‘g‘on ichak saratoni alkogol bilan bog‘liq saraton o‘limlarining asosiy sababiga aylangan.
Ayollarda ko‘krak bezi saratoni birinchi o‘rinda
Ayollar orasida alkogol bilan bog‘liq saraton o‘limlarining asosiy sababi ko‘krak bezi saratoni bo‘lgan.
Bu tendensiya yoshroq guruhda ham kuzatilgan. 20 – 54 yoshdagi ayollarda ko‘krak bezi saratoni birinchi o‘rinni egallagan, undan keyin yo‘g‘on ichak saratoni qayd etilgan.
Tadqiqotchilar bu natijalar alkogol iste’moli bilan bog‘liq onkologik xavf faqat jigar yoki bitta yosh guruhiga taalluqli emasligini ko‘rsatishini ta’kidlagan.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda qimorni reklama qilgan 50 dan ortiq saytlar bloklangani haqida yozgan edi.