Yandex Uzbekistan 2026-yil uchun Great Place to Work sertifikatini oldi

Xalqaro texnologik kompaniya Yango Group tarkibiga kiruvchi Yandex Uzbekistan 2026-yil uchun Great Place to Work® sertifikatiga ega bo‘ldi. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, xodimlarning 95 foizi kompaniyani ishlash uchun ajoyib joy deb baholagan. Natijalar jamoa ichida ishonch va adolatli munosabat darajasi yuqori ekanini ham ko‘rsatdi. Xodimlarning 98 foizi ishlash uchun zarur resurslar va jihozlar bilan ta’minlanganini aytgan. Shuncha xodim kompaniyada ularga yuqori darajada mas’uliyat berilganini qayd etgan. Yana 98 foiz ishtirokchi xodimlarga jinsidan qat’i nazar adolatli munosabatda bo‘linishini ta’kidlagan.
«Kuchli jamoa ishonch bildiriladigan va rivojlanish imkoniyati beriladigan insonlardan shakllanadi. O‘zbekistonda biz uchun, ayniqsa, yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash va ularga texnologiya sohasida karyera boshlash imkoniyatlarini yaratish muhim. Amaliyot dasturlari orqali talabalar va yangi mutaxassislar real loyihalarda o‘z kuchini sinab ko‘rishi, Yandex Uzbekistan jamoalari bilan tanishishi va keyingi rivojlanishiga yordam beradigan tajriba orttirishi mumkin. Xodimlar ish muhiti va kompaniya jamoa uchun yaratayotgan imkoniyatlarni yuqori baholayotganidan xursandmiz», – dedi Yandex Uzbekistan rahbari Izzat Shukurov.

Xodimlar ish joyidagi sharoitlarni ham yuqori baholagan. So‘rovda qatnashganlarning 99 foizi ish joyini jismonan xavfsiz deb hisoblaydi, 98 foizi esa ofis xonalari yaxshi ish muhitini yaratishga xizmat qilishini qayd etgan.
Yandex Uzbekistan’ning sertifikatga ega bo‘lishi Yango Group’ning Great Place to Work® standarti bo‘yicha kengroq e’tirof dasturining bir qismi bo‘ldi. 2026-yilda kompaniya 17 ta mamlakat va bozorda sertifikat olgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 9 ta mamlakat va bozorni tashkil etgan.

Great Place to Work® sertifikatlash jarayoni kompaniya xodimlarining ish tajribasi haqidagi fikr-mulohazalariga asoslanadi. Baholash jarayonida, jumladan, ishonch, adolat, hurmat, kompaniya bilan faxrlanish va jamoaga daxldorlik hissi kabi mezonlar inobatga olinadi.