«Bilimi yetmaydi»: Mirziyoyev ayrim hudud rahbarlarini keskin tanqid qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlardagi ayrim rahbarlarni mavjud resurslardan samarali foydalana olmayotgani va aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha yetarli natijaga erisha olmayotgani uchun tanqid qildi. Bu haqda davlat rahbari 3-sentabr kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aytdi.
Prezidentdan qattiq tanqid
Mirziyoyevning ta’kidlashicha, ayrim hudud rahbarlarining qo‘lidagi tayyor imkoniyatlardan unumli foydalanib, odamlarni ishli qilishga bilimi yoki toqati yetmayapti. Shuningdek, ular zamonaviy iqtisodiyotdagi tebranishlar va tezkor o‘zgarishlarni to‘g‘ri anglamayotgani qayd etildi.
«Odamlar kreditni to‘lolmayapti»
So‘nggi bir yilda hududlarda tashkil etilgan 86 ming kichik korxonaning 15 mingtasi, ya’ni 17 foizi faoliyatini to‘xtatgan. Bankdan kredit olib, biznesini yo‘lga qo‘ya olmagan 62 ming fuqaro esa kreditlarini qaytarishda qiyinchilikka duch kelmoqda.
Buning asosiy sabablaridan biri sifatida atigi 1 mingta mahalladagi hokim yordamchisi va mahalla bankiri «loyihaviy yondashuv» asosida ishlashni bilishi ko‘rsatildi.
Hududlarda ahvol qanday
Yig‘ilishda ajratilgan kredit resurslarining samaradorligi tumanlar kesimida ham tahlil qilindi. Xususan, Sharof Rashidov va Qarshi tumanlariga bir xil – 2 trillion 300 milliard so‘mdan kredit ajratilgan. Biroq Sharof Rashidov tumanida ushbu mablag‘lar hisobidan 30 ming aholi kambag‘allikdan chiqarilgan va bir kishiga o‘rtacha 78 million so‘m to‘g‘ri kelgan. Qarshi tumanida esa 13 ming ehtiyojmandning sharoiti yaxshilanib, bir kishiga o‘rtacha 176 million so‘m sarflangan.
Shuningdek, Qamashi va Piskent tumanlariga 1 trillion 100 milliard so‘mdan kredit berilgan bo‘lsa-da, natijalar keskin farq qilgan. Qamashida 28 ming aholi kambag‘allikdan chiqarilgan, Piskentda esa bu ko‘rsatkich atigi 4,5 ming nafarni tashkil etgan.
Piskentda bir kishini kambag‘allikdan chiqarishga o‘rtacha 250 million so‘m kredit to‘g‘ri kelayotgani qayd etildi. Vaholanki, boshqa ayrim hududlarda shuncha mablag‘ evaziga sanoat korxonalarida yuqori daromadli va doimiy ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Davlat rahbari G‘uzor, Nishon, Muborak, Yangiqo‘rg‘on, Toyloq, Boysun, Oltinsoy, Bandixon, Beshariq va Farg‘ona tumanlari, shuningdek, Nurafshon, Bekobod hamda Yangiyo‘l shaharlarida ham kreditlardan foydalanish samaradorligi pastligini ko‘rsatib o‘tgan.
Avvalroq Mirziyoyev Jizzax viloyatida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi va unga yondosh atomchilar shaharchasi qurilishi bo‘yicha loyihalar taqdimoti bilan tanishgandi.