Hokimlarga 350 ming kishini doimiy ishga joylashtirish vazifasi qo‘yildi

Viloyat va tuman hokimlari oldiga 2026-yilning sentabr – dekabr oylarida aholi bandligini oshirish va 350 ming kishini doimiy ishga joylashtirish vazifasi qo‘yildi. Bu Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida qayd etildi.
Shuningdek, yana 1 mln aholining daromadini oshirish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun hududlardagi mavjud iqtisodiy imkoniyatlardan samarali foydalanish, yangi daromad manbalarini yaratish va aholini barqaror bandlikka jalb qilish ko‘zda tutilgan.
230 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish rejalashtirilgan
Yil yakuniga qadar 230 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi ham belgilandi. Bu borada har bir hudud va mahalla kesimida alohida ishlash, oilalarning daromad manbalarini ko‘paytirish hamda bandlik choralarini manzilli tashkil etish talab etiladi.
Har bir yo‘nalish uchun aniq mexanizm ishlab chiqiladi
Mutasaddilarga belgilangan vazifalarni bajarish uchun har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq mexanizm va harakatlar algoritmini ishlab chiqish topshirildi.
Shuningdek, mahalla darajasida mas’ullar belgilanib, ular bandlik, daromadni oshirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha natijalar uchun javobgar bo‘ladi.
Xitoy tajribasi o‘rganiladi
Aholi bilan ishlash tizimini takomillashtirishda Xitoy tajribasidan foydalanish ham rejalashtirilmoqda.
Tuman va mahallalarda aholi bilan bevosita ishlaydigan xodimlar uchun aniq ko‘rsatmalar ishlab chiqish topshirildi. Bu orqali joylardagi ishlarni yagona tartib asosida tashkil etish va natijadorlikni oshirish maqsad qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Mirziyoyev tuman shtablariga kreditlarni mustaqil boshqarish vakolatini bergani haqida yozgan edi.