Foydalanilgan Chevrolet Damas olayotganda nimalarga e’tibor berish kerak

3-sentabr 2026 14:43 eʼlon qilindi

Temur Djanzakov

Temur Djanzakov

Muxbir t.jonizoqov@kursiv.media
Chevrolet Damas
Foto: Auto.ru

Ikkilamchi bozordan Chevrolet Damas xarid qilmoqchi bo‘lganlar uchun avtomobilning faqat yili va probegiga qarash yetarli emas. Mutaxassislar kuzov, dvigatel, gaz uskunasi, yurish qismi hamda hujjatlarni batafsil tekshirishni tavsiya qilmoqda.

Avvalo kuzov va tag qismini tekshirish kerak

Avtomobilni ko‘rikdan o‘tkazishni kuzovdan boshlagan ma’qul. Zanglagan joylar, avariya izlari, qayta bo‘yalgan yoki shpaklyovka qilingan qismlarga alohida e’tibor berish kerak.

Ayniqsa kuzovning tag qismi, poroglar, g‘ildirak arkalari va asosiy elementlarning birikish joylarini tekshirish muhim. Damas ko‘pincha yo‘lovchi yoki yuk tashishda ishlatilgani sababli, uning yuklamasi oddiy yengil avtomobillarga qaraganda yuqori bo‘lishi mumkin.

Avtomobilni imkon qadar kunduz kuni ko‘rish tavsiya etiladi. Bo‘yoq rangidagi farqlar va kuzov qismlari orasidagi notekis tirqishlar avval ta’mirlanganidan darak berishi mumkin.

Dvigatelni sovuq holatda ishga tushirib ko‘ring

Motorni tekshirishda avtomobilni oldindan qizdirib qo‘yilmagan holatda ishga tushirish muhim. Ishga tushirish vaqtida g‘alati tovush, kuchli titrash yoki tutun chiqishiga e’tibor berish kerak.

Shuningdek, dvigatel atrofida moy yoki boshqa texnik suyuqliklarning sizib chiqishi bor-yo‘qligini tekshirish lozim.

O‘zbekiston bozori uchun Damas 0,8 litr hajmli, uch silindrli 38 ot kuchiga ega dvigatel va besh pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan.

Korobka va ssepleniye ham sinovdan o‘tkaziladi

Barcha uzatmalar oson va shovqinsiz almashishi kerak. Tezlikni almashtirishda qarsillash, haddan tashqari kuch talab qilinishi yoki uzatmaning o‘z-o‘zidan chiqib ketishi jiddiy muammolardan darak berishi mumkin.

Ssepleniye ishlashiga ham e’tibor qaratish zarur. Juda yuqorida ushlashi, sirpanish yoki g‘ayrioddiy tovushlar ta’mirga ehtiyoj borligini ko‘rsatishi mumkin.

Gaz uskunasi bo‘lsa, uning holatini albatta tekshiring

Ikkilamchi bozordagi ko‘plab Damas avtomobillariga gaz uskunasi o‘rnatilgan. Bunday mashinani olayotganda gaz balloni, reduktor va ulanish qismlarining holatini tekshirish kerak.

Eng muhimi, tizimda gaz sizib chiqishi yo‘qligiga ishonch hosil qilish zarur. Buning uchun GBOni ixtisoslashgan servisda diagnostika qildirish ma’qul. Shuningdek, avtomobilga o‘rnatilgan gaz uskunasi uning hujjatlarida qayd etilganini ham tekshirish kerak.

Yurish qismidagi taqillashlar e’tibordan chetda qolmasin

Amortizatorlar, sharli tayanchlar, rul boshqaruvi va tormoz tizimi ham sinovdan o‘tkazilishi kerak.

Harakat vaqtida keladigan g‘ayrioddiy tovushlar va lyuftlar yurish qismidagi nosozliklardan darak berishi mumkin. Tormoz tizimining ishlashiga ham alohida e’tibor qaratish lozim.

Mashinani sotib olishdan oldin STОga olib boring

Mutaxassislar Damasni xarid qilishdan oldin VIN-kod va avtomobil tarixini tekshirishni, hujjatlarda muammo yoki cheklovlar mavjud emasligiga ishonch hosil qilishni tavsiya qilmoqda.

Eng ishonchli usul — sotib olishdan oldin mashinani servisga olib borib, lift yordamida to‘liq ko‘rikdan o‘tkazish va dvigatel diagnostikasini qilish. Bozordagi qisqa ko‘rikda ko‘rinmaydigan ayrim nosozliklar aynan professional diagnostika vaqtida aniqlanishi mumkin.

Probegdan ko‘ra avtomobil qanday ishlatilgani muhimroq

Foydalanilgan Damasni tanlashda uning ishlab chiqarilgan yili va probegi bilan cheklanib qolmaslik kerak. Avvalgi egasi avtomobildan qanday foydalangani ham muhim.

Doimiy ravishda og‘ir yuk tashigan yoki tijorat maqsadida intensiv foydalanilgan Damasning ayrim qismlari probegi nisbatan kam bo‘lsa ham jiddiy yeyilgan bo‘lishi mumkin.

Ayni paytda yangi Chevrolet Damas avtomobillariga ham chegirmalar amal qilmoqda. 10-sentabrgacha yuk tashuvchi versiya 78 million so‘mdan, yo‘lovchi tashuvchi modeli esa 81 million so‘mdan taklif qilinmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yangi Damas ommalashayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek