AQSh va Avstraliya mudofaa hamkorligini kuchaytiradi

AQSh va Avstraliya Tinch okeani mintaqasida mudofaa hamkorligini kengaytirish va tiyib turish salohiyatini kuchaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Tomonlar bu qarorni Xitoyning mintaqadagi harbiy salohiyati oshib borayotgani bilan izohlamoqda.
AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset Vashingtonda avstraliyalik hamkasbi Richard Marls bilan uchrashib, mintaqadagi kuchlar muvozanatini saqlash muhimligini ta’kidladi.
AQShning Avstraliyadagi harbiy ishtiroki kengayadi
Richard Marlsning aytishicha, AQShning Avstraliyadagi harbiy ishtiroki tobora kengayib bormoqda. U bu jarayonni Ikkinchi jahon urushidan beri kuzatilgan eng yirik an’anaviy harbiy kuchayishlardan biri sifatida baholayotgan Xitoyning faoliyati bilan bog‘ladi.
Marlsga ko‘ra, ikki mamlakat mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlash uchun tiyib turish salohiyati hamda kuchlar muvozanatini mustahkamlashi kerak.
Avstraliyadagi bazalarda hamkorlik tezlashtiriladi
Pentagon ma’lumotiga ko‘ra, AQSh va Avstraliya Avstraliya harbiy bazalaridagi qo‘shma tashabbuslarni jadallashtirish, logistika sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish hamda qo‘shma mashg‘ulotlar orqali ikki davlat qurolli kuchlarining o‘zaro ishlash imkoniyatlarini oshirishga kelishib oldi.
Amaldagi kelishuvlar AQSh harbiylariga Avstraliyada mashg‘ulot o‘tkazish, harbiy texnika va uskunalarni vaqtincha joylashtirish, shuningdek, samolyotlar va harbiy kemalarga logistika ko‘magini taqdim etish imkonini beradi.
Avstraliya hududida xorijiy davlatlarning doimiy harbiy bazalarini tashkil etishga ruxsat bermaydi. Shunga qaramay, mamlakatda AQSh bilan birgalikdagi yirik harbiy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi va Darvin shahrida amerikalik dengiz piyodalari rotatsiya asosida joylashtiriladi.
Hozircha yangi kelishuv Avstraliyadagi AQSh harbiylari sonining oshishiga olib keladimi yoki yo‘qmi, aniq emas.
Raketalar va yangi avlod qurollari bo‘yicha ham hamkorlik kuchayadi
Ikki tomon boshqariladigan qurol tizimlari va yangi avlod harbiy texnologiyalarini birgalikda rivojlantirish bo‘yicha ham muzokara olib borgan.
Pit Hegset AQSh va Avstraliyaning milliy mudofaa strategiyalari ko‘plab masalalarda bir-biriga mos kelishini qayd etdi.
U ittifoqchi mamlakatlar o‘z xavfsizlik salohiyatiga mustaqil ravishda sarmoya kiritishi, shu bilan birga umumiy mudofaa rejalari va harbiy imkoniyatlarni o‘zaro muvofiqlashtirishi zarurligini ta’kidladi.
Avvalroq «Kursiv» AQShda alkogol bilan bog‘liq saraton o‘limlari ikki baravar oshgani haqida yozgan edi.