Mirziyoyev rahbarlarni tanqid qildi, Tailand vizasi uchun Moskvaga borish kerak — 3 sentabr yangiliklari

Mirziyoyev rahbarlarni keskin tanqid qildi, Tailand vizasi uchun Moskvaga borish kerak — 3 sentabr yangiliklarini Kursiv Uzbekistan dayjestida o‘qing.
«Bilimi yetmaydi»: Mirziyoyev ayrim hudud rahbarlarini keskin tanqid qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlardagi ayrim rahbarlarni mavjud resurslardan samarali foydalana olmayotgani va aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha yetarli natijaga erisha olmayotgani uchun tanqid qildi.

Bu haqda davlat rahbari 3-sentabr kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aytdi.
O‘zbekistonliklar Tailand vizasi uchun Moskvaga borishi lozim

2026-yil 15-sentabrdan boshlab O‘zbekiston fuqarolari uchun Tailandga vizasiz kirish tartibi bekor qilinadi. Yangi tartibga ko‘ra, mamlakatga borishni istagan fuqarolar oldindan viza rasmiylashtirishi va uning to‘lovini amalga oshirish uchun Rossiyaga, Moskvaga borishi kerak bo‘ladi.
O‘zbekiston fuqarolari Tailandga safar qilishdan oldin Tailand Qirolligining rasmiy elektron viza portali orqali ariza topshirishi kerak.
Ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshga to‘lguniga qadar nafaqa to‘lanadi

O‘zbekistonda ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshga to‘lguniga qadar Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasidan nafaqa to‘lash tizimi joriy etiladi. Bu Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida qayd etildi.
Shuningdek, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning xarajatlarini kamaytirish va barqaror daromad manbalarini yaratishga qaratilgan yangi mexanizmlarni kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Hokimlarga 350 ming kishini doimiy ishga joylashtirish vazifasi qo‘yildi

Viloyat va tuman hokimlari oldiga 2026-yilning sentabr – dekabr oylarida aholi bandligini oshirish va 350 ming kishini doimiy ishga joylashtirish vazifasi qo‘yildi. Bu Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida qayd etildi.
Shuningdek, yana 1 mln aholining daromadini oshirish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun hududlardagi mavjud iqtisodiy imkoniyatlardan samarali foydalanish, yangi daromad manbalarini yaratish va aholini barqaror bandlikka jalb qilish ko‘zda tutilgan.
Ronaldu hayratda: uning o‘g‘li bir haftada 9 mln dollar sarfladi

Futbolchi Krishtianu Ronaldu o‘g‘li bir hafta ichida otasining kredit kartasidan $9 mln dan ortiq mablag‘ sarflaganini bilib, uning kartasini «muzlatgani» va akkauntlariga kirishini cheklagani aytilmoqda. Bu haqda Haberler nashri xabar berdi.
Da’voga ko‘ra, Ronaldu ma’lum vaqt davomida o‘g‘liga kredit kartasidan foydalanishga ruxsat bergan. Biroq futbolchi o‘g‘lining xarajatlarini ko‘rib chiqqanida, hisobdagi $1,8 mln miqdoridagi tranzaksiyaga duch kelgan.
UzbAirways’ning Toshkent – Moskva reysi Rossiya havo hududidan qaytdi

Uzbekistan Airways’ning Toshkentdan Moskvaga yo‘l olgan HY603 reysi Rossiyaning ayrim aeroportlarida joriy etilgan vaqtinchalik cheklovlar sabab Toshkentga qaytib keldi. Aviakompaniya Rossiyaga amalga oshiriladigan ayrim qatnovlarda ham o‘zgarishlar bo‘lganini ma’lum qildi.
3-sentabr kuni Toshkentdan Moskva Domodedovo aeroportiga uchgan HY603 reysi Rossiya hududiga kira olmay, parvozni ortga burdi va Toshkent aeroportiga qaytib qo‘ndi.
O‘zbekiston va Tailand viza to‘lovini soddalashtirishni muhokama qilmoqda — TIV

O‘zbekiston fuqarolarining Tailandga borishi uchun viza to‘lovini amalga oshirishning qulayroq mexanizmini yaratish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Hozircha O‘zbekiston fuqarolariga viza to‘lovini amalga oshirish uchun Tailandning Moskvadagi elchixonasiga borish tavsiya etilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonullo Fayziyev Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Hokimlar haftada 3 kun faqat kambag‘allik va bandlik bilan shug‘ullanadi

O‘zbekistonda kambag‘allik bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi. Unga ko‘ra, viloyat, tuman va shahar hokimlari butun iqtisodiy kompleks bilan haftada uch kun faqat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik masalalariga e’tibor qaratadi.
Yangi tizim Xorazm viloyatida o‘tkazilgan ikki haftalik tahlil natijalari asosida ishlab chiqilmoqda.
Sindarov va Asaubayeva bir jamoada 1 mln dollar uchun kurashadi

Qozog‘istonlik shaxmatchi Bibisara Asaubayeva va o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Hindistonda o‘tkaziladigan nufuzli Tech Mahindra Global Chess League turnirida bir jamoa safida ishtirok etadi.
Musobaqa 5 – 13-sentabr kunlari Hindistonning Bengaluru shahrida bo‘lib o‘tadi. Asaubayeva FYERS American Gambits jamoasi tarkibida, Sindarov esa ushbu jamoaning «ikona»si sifatida turnirda qatnashadi.
Javohir Sindarov Gukeshga qarshi bahsga qanday tayyorlanmoqda

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommarajuga qarshi bo‘ladigan jahon chempionligi bahsiga tayyorgarlik jarayoni haqida gapirdi.
20 yoshli Sindarov 2026-yilgi da’vogarlar turnirida g‘olib chiqib, jahon chempionligi uchun kurashish huquqini qo‘lga kiritdi. U Jahon kubogida ham g‘alaba qozongan.