Samarqanddagi ko‘p qavatli uyda 3,3 mlrd so‘mlik gaz «o‘g‘irlandi»

Samarqand shahrida ko‘p qavatli turarjoy binosida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yetkazilgan zarar 3,3 mlrd so‘mni tashkil qilgan.
«Hududgazta’minot» AJ ma’lumotiga ko‘ra, nazorat tadbiri «Hududgaz Samarqand» filiali, shahar gaz ta’minoti bo‘limi va huquq-tartibot organlari hamkorligida o‘tkazilgan.
Bino gaz tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulangan
Tekshiruv Samarqand shahrining Qorasuv mahallasida joylashgan «A.B.» MChJga qarashli ko‘p qavatli turarjoy binosida olib borilgan.
Xatlov davomida bino gaz ta’minoti korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan va loyiha hujjatlarini rasmiylashtirmasdan tarmoqqa to‘g‘ridan to‘g‘ri ulangan holda tabiiy gazdan foydalanib kelgani aniqlangan.
Holat bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilgan. To‘plangan barcha materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1-noyabrdan tadbirkorlar elektr va gaz uchun faqat 15% oldindan to‘lov qilishi haqida xabar berilgandi.