«SQB Tower»dagi mehmonxona yiliga 39,8 mlrd so‘mga ijaraga berildi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Auksionda narx 27,8 mlrd so‘mga ko‘tarildi
«SQB Tower»dagi mehmonxona yiliga 39,8 mlrd so‘mga ijaraga berildi
Foto: Yandex Maps

Toshkent City hududidagi «Sanoatqurilishbank»ka tegishli «SQB Tower» binosining mehmonxona qismi auksion orqali besh yil muddatga ijaraga berildi. Savdolar davomida yillik ijara narxi boshlang‘ich summaga nisbatan 3,3 baravar oshdi.

Auksionda narx 27,8 mlrd so‘mga ko‘tarildi

«E-auksion»dagi savdolar 13-avgust kuni yakunlangan. Unda «QBIC-Payments» MChJ g‘olib deb topilgan.

Lotning boshlang‘ich yillik ijara qiymati 12,1 mlrd so‘m etib belgilangan bo‘lsa, yakunda kompaniya 39,8 mlrd so‘mlik taklif bilan g‘olib bo‘lgan.

Natijada ijara narxi 27,8 mlrd so‘mga yoki qariyb 230 foizga oshgan.

7 ming kvadrat metrdan ortiq maydon ijaraga berildi

Ijara shartnomasi «SQB Tower»ning 24 – 27-qavatlaridagi mehmonxona qismi hamda B2-qavatdagi kir yuvish xonasini qamrab oladi.

Obyektlarning umumiy maydoni 7 ming kvadrat metrdan oshadi. Ijara muddati 60 oy etib belgilangan.

39,8 mlrd so‘mlik summa bir yillik ijara to‘lovi hisoblanadi. Bu oyiga o‘rtacha 3,3 mlrd so‘m yoki har bir kvadrat metr uchun qariyb 473,5 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi. Ijara haqi har 12 oyda qayta ko‘rib chiqiladi.

Yangi ijarachiga 10 mlrd so‘mlik investitsiya majburiyati yuklatildi

«QBIC-Payments» mehmonxonaga bir yil davomida kamida 10 mlrd so‘m investitsiya kiritishi kerak.

Bundan tashqari, kompaniya kommunal to‘lovlar va joriy ta’mirlash xarajatlarini o‘z zimmasiga oladi. Ijarachi olti oylik ijara to‘lovi miqdorida foizsiz depozit ham kiritishi belgilangan.

Amaldagi auksion narxidan hisoblanganda, depozit summasi qariyb 19,9 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Mehmonxona qismi sotilmadi

Auksion orqali «SQB Tower»ning mazkur qismi mulk sifatida sotilmagan. Bank binoning mehmonxona va kir yuvish xonalarini ma’lum muddatga foydalanish uchun ijaraga bergan.

«SQB Tower» binosining umumiy maydoni 81,1 ming kvadrat metr bo‘lib, auksionga chiqarilgan obyekt uning qariyb 8,6 foizini tashkil qiladi.

G‘olib kompaniya IT Park rezidenti

Auksionda g‘olib bo‘lgan «QBIC-Payments» MChJ 2022-yilda tashkil etilgan. Kompaniya 2023-yil dekabrida IT Park rezidentlari ro‘yxatiga kiritilgan. Uning ustav kapitali 550 mln so‘mdan ortiq bo‘lib, kompaniya egasi sifatida Shoxrux To‘lqunov ko‘rsatilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentdagi Fonon zargarlik zavodi xususiylashtirilishi haqida yozgandi.

Shuningdek