Vyetnamda yirik narkotik savdosi ishi bo‘yicha 11 kishi o‘lim jazosiga hukm qilindi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Ish 157 ta tish pastasi tubidan narkotik topilgach boshlangan
Vyetnamda yirik narkotik savdosi ishi bo‘yicha 11 kishi o‘lim jazosiga hukm qilindi
Foto: Pexels

Vyetnamda sud mamlakat tarixidagi eng yirik narkotik moddalar savdosi bilan bog‘liq ishlardan biri bo‘yicha 11 kishini o‘lim jazosiga hukm qildi. Ish doirasida jami 227 kishi ayblanuvchi sifatida sudlangan.

Qolgan sudlanuvchilarga 18 oydan umrbod qamoq jazosigacha bo‘lgan jazolar tayinlandi. Yana qariyb 20 kishi giyohvand moddalarni noqonuniy sotib olish, sotish, tashish va ularning yetkazib berilishini tashkil etish bilan bog‘liq ayblovlar bo‘yicha umrbod qamoqqa hukm qilindi.

Jinoiy tarmoq rahbari ham o‘lim jazosiga hukm qilindi

O‘lim jazosiga hukm qilinganlar orasida xalqaro narkotik savdosi tarmog‘ining tashkilotchisi deb hisoblangan Ha Dan Nam ham bor.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u Fransiyadan Vyetnamga narkotik moddalarni olib kirishni tashkil qilgan. Giyohvandlik moddalari turli kundalik iste’mol mahsulotlari, jumladan biologik qo‘shimchalar, kir yuvish vositalari, og‘iz chayish suyuqligi va qahva qadoqlari ichiga yashirilgan.

So‘ngra Fransiyada bo‘lgan shaxslar narkotiklarni o‘z yuklari orqali olib kelgan yoki ular yetkazib berish xizmatlari yordamida Vyetnamga jo‘natilgan.

Ish 157 ta tish pastasi tubidan narkotik topilgach boshlangan

Mazkur ish 2023-yil martida boshlangan. O‘sha paytda Parijdan Xoshimin shahriga uchib kelgan Vyetnam Airlines aviakompaniyasining to‘rt nafar bortkuzatuvchisi yukidan 157 ta tish pastasi tubiga yashirilgan 10 kilogrammdan ortiq narkotik modda topilgan. Ular orasida MDMA va ketamin bo‘lgan.

Tergov natijalariga ko‘ra, bortkuzatuvchilar yuk ichida narkotik borligini bilmagan. Shu sababli ularga nisbatan jinoiy ta’qib qo‘llanmagan.

Fransiyadagi vyetnamliklardan foydalanilgan

Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Ha Dan Nam Fransiyada yashayotgan yoki tahsil olayotgan Vyetnam fuqarolarini narkotiklarni tashishga jalb qilgan.

Prokuratura tarmoq ishtirokchilari o‘z faoliyatini yashirish uchun shifrlangan messenjerlardan va boshqa shaxslar nomiga ochilgan bank hisobvaraqlaridan foydalanganini ma’lum qildi.

Tergovchilar jinoiy tarmoq bilan bog‘liq moliyaviy operatsiyalar umumiy qiymatini qariyb 29 trln Vyetnam dongi, ya’ni taxminan $1,1 mlrd deb baholagan.

Avvalroq «Kursiv» arab dunyosida birinchi bo‘lib Livan o‘lim jazosini bekor qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek