Farg‘ona va Namanganda giyohvand moddalar savdosiga chek qo‘yildi

Farg‘ona va Namanganda giyohvandlik vositalari hamda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Tadbirlar DXXning hududiy boshqarmalari tomonidan Ichki ishlar va Bojxona organlari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.
Qo‘qonda 782 dona «Tropikamid» topildi
Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlardan biri Qo‘qon shahrida amalga oshirildi.
Unda muqaddam sudlangan 44 yoshli fuqaroning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv davomida uyning yerto‘lasidan 782 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi aniqlangan.
Dori vositalari belgilangan tartibda ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Xonadondan 758 gramm «gashish» olindi
Qo‘qon shahrida aniqlangan yana bir holatda 1975-yilda tug‘ilgan shaxsning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilgan.
Natijada xonadondan 758 gramm «gashish» moddasi topilgan. Bundan tashqari, giyohvandlik vositalari qoldiqlari mavjud bo‘lgan oltita pichoq hamda to‘rtta elektron tarozi aniqlangan.
Mazkur buyumlar ham tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
«Lasetti»dan 465 gramm «gashish» chiqdi
Namangan viloyatida esa DXX hududiy boshqarmasi xodimlari Ichki ishlar va Bojxona organlari bilan hamkorlikda yana bir tezkor tadbir o‘tkazdi.
«Farg‘ona – Namangan» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Lasetti» avtomobili Namangan tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan.
Avtomobilni Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida yashovchi, 1998-yilda tug‘ilgan shaxs boshqarib kelayotgani aniqlangan. Tekshiruv davomida avtomobil salonidan 465 gramm «gashish» moddasi topilib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi
DXX ma’lumotiga ko‘ra, aniqlangan barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Toshkentda Slovakiyaga ishga yuborish uchun pul olgan shaxs ushlangani haqida yozgan edi.