Janubiy Koreyada to‘rt nafar o‘zbekistonlik terrorizmni moliyalashtirishda gumon qilindi

Janubiy Koreyada to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosiga terrorizmni moliyalashtirishga qarshi qonunni buzganlik bo‘yicha ayblov qo‘yildi. Bu haqda Yonhap agentligi xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular Suriyadagi terrorchi guruhga pul mablag‘lari va transport vositalarini yetkazib berishda ishtirok etgan bo‘lishi mumkin. Kvanchju shahri politsiyasi versiyasiga ko‘ra, ishning asosiy gumondori 30 yoshlar atrofidagi O‘zbekiston fuqarosi hisoblanadi.
Kriptovalyutada pul o‘tkazilgani aytilmoqda
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, asosiy gumondor 2025-yil aprelidan boshlab taxminan sakkiz oy davomida «Katiba at-Tavhid val-Jihod» guruhiga qariyb 6,3 mln von, ya’ni taxminan $4,6 ming miqdorida kriptovalyuta o‘tkazgan.
Mazkur guruh BMTning terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, u «Al-Qoida» bilan aloqador.
Politsiya, shuningdek, gumondor guruhning o‘zidan ham kriptovalyuta olgan bo‘lishi mumkinligini tekshirmoqda.
11 ta avtomobil va ikki ekskavator Suriyaga jo‘natilgani taxmin qilinmoqda
Tergov versiyasiga ko‘ra, gumondor olingan mablag‘lar hisobiga Janubiy Koreyada 11 ta foydalanilgan avtomobil va ikkita ekskavator sotib olgan.
Ularning umumiy qiymati qariyb 170 mln vonni tashkil etgan. Keyinchalik ushbu texnikalar Suriyaga yuborilgani aytilmoqda.
Politsiya gumondor guruhga yordam berishni uning ukasi bilan aloqa o‘rnatganidan keyin boshlaganini taxmin qilmoqda. Tergovga ko‘ra, uning ukasi mazkur tashkilot a’zosi bo‘lishi mumkin.
Asosiy gumondor hibsda
Asosiy gumondor aprel oyida hibsga olingan. Bungacha, mart oyida, uning nomi Interpolning qizil xabarnomasi bo‘yicha qidiruv ro‘yxatiga kiritilgan.
Keyinchalik ish sudga oshirilgan, gumondor esa hibsda qoldirilgan.
Yana uch nafar O‘zbekiston fuqarosi ushbu ish doirasida asosiy gumondorga yordam berganlikda gumon qilinmoqda. Tergovga ko‘ra, ular foydalanilgan avtomobillarni topishda ko‘maklashgan.
Ular hibsga olinmagan holda so‘roq qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Koreya Respublikasiga ishga yuborish uchun 5,9 ming dollar olgan shaxs ushlangani haqida yozgan edi.