Azaga aylangan to‘y: AQSh kuchlari to‘y paytida bomba tashladi

1-sentabr oqshomi. Bolalarning shodon kulgusi, mehmonlarning tabriklari. Ammo AQShning kutilmaganda tashlagan bombasi visol kechasini qon bilan beladi.
Hormozgan viloyatidagi to‘y marosimi o‘tkazilayotgan uyga berilgan zarba oqibatida besh kishi halok bo‘lib, 68 kishi yaralandi. Eron rasmiylari hujum uchun AQShni ayblamoqda. Tahlillar esa bino AQSh o‘q-dorisi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri nishonga olingan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi.
AQSh ataylab to‘yni «qon bazmi»ga aylantirdi
Hodisa 1-sentabr kuni Eronning Hormozgan viloyati Sirik okrugidagi Kuhe stak hududida yuz bergan.
Dastlab Eron rasmiylari zarba turar joy binosiga tekkanini, u yerda to‘y marosimi o‘tkazilayotganini bildirgan. Viloyat gubernatori o‘rinbosari Ahmad Nafisi hujum oqibatida besh kishi halok bo‘lgani va 68 kishi yaralanganini ma’lum qilgan.

Jabrlanganlarning bir qismiga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Og‘ir jarohat olganlar esa yaqin atrofdagi Minab shahridagi shifoxonaga olib ketilgan.
Keyinchalik Eron davlat OAVlari qurbonlar sonini to‘rt kishi deb ko‘rsatdi. Ular orasida ikki ayol va 4 hamda 16 yoshli ikki bola bo‘lgan. Biroq keyinchalik yaralangan 22 yoshli ayol shifoxonada vafot etgani sababli qurbonlar soni yana besh kishiga yetgan.
AQSh zarbani boshqa nishonga berganini bildirgan
AQSh Markaziy qo‘mondonligi 1-sentabr kuni Eron janubidagi harbiy obyektlarga, jumladan, havo mudofaasi tizimlari, radarlar va aloqa obyektlariga zarbalar berilganini tasdiqlagan.

Eron rasmiylariga ko‘ra, to‘y o‘tkazilayotgan uy yaqinida telekommunikatsiya minorasi joylashgan bo‘lgan. Dastlab zarba aynan shu obyektga qaratilgani va uyga o‘q-dori bo‘laklari tushgani taxmin qilingan.
Biroq Reuters tomonidan tekshirilgan video va suratlarni o‘rgangan qurol bo‘yicha ekspertlar binoning tomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba izlari mavjudligini qayd etgan. Mutaxassislar zarar AQShda ishlab chiqarilgan o‘q-doridan foydalanilgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens hodisa bo‘yicha tergov olib borilayotganini ma’lum qilgan. AQSh Mudofaa vazirligi esa zarba aynan to‘y o‘tkazilayotgan uyga qasddan berilganini tasdiqlamagan.
Eron AQShni «urush jinoyati»da ayblamoqda
Eron rasmiylari albatta hujumni keskin qoraladi. Mamlakatdagi Inson huquqlari bo‘yicha oliy kengash hodisani xalqaro gumanitar huquqning asosiy tamoyillari buzilishi sifatida baholadi.
Eron tashqi ishlar vaziri Ismoil Bagqoiy esa AQSh hujumlari tinch aholi orasida qurbonlarga olib kelayotganini ta’kidlab, Tehron bunga javob qaytarishini bildirdi.

Hodisa AQSh va Eron o‘rtasidagi harbiy qarama-qarshilik yangi bosqichga kirgan bir paytda yuz berdi. AQSh harbiylari Eron janubidagi obyektlarga hujumlarni qayta boshlagan, Tehron esa bunga javoban AQShning mintaqadagi obyektlariga qarshi zarbalar bergan.
Guvohlar nima deydi
Eronda toʻylar doimiy ravishda odamlarning uylarida oʻtkaziladi, Malahiylar oilasida ham xuddi shunday boʻlgan edi. Toʻylar butun bir mahalla tadbiriga aylanib, erkaklar va ayollar alohida uylarda yigʻilishadi.
Oʻqituvchi Hamid Kasiriy va boshqa guvohlar bino tomining oʻpirilib tushgan joyi aks etgan videolarni joylashtirdi. Eron rasmiylariga koʻra bu bino toʻgʻridan-toʻgʻri AQSH zarbasiga uchragan. Beton devorlar teshilgan, eshiklar chilparchin boʻlgan, shiftlar qulab tushgan va butun hudud boʻylab vayronalar sochilib yotardi.
Qizil Yarim Oy jamiyatining rasmiy sahifasida eʼlon qilingan, onasining bergan intervyusiga koʻra, hujumda halok boʻlganlar orasida 6 yoshli bola — Amir-Muhammad Karimiy ham boʻlgan.
Avvalroq Donald Tramp Eron hududidagi vaziyatni Vashington to‘liq nazorat qilayotganini ma’lum qilgandi. U Eron harbiy infratuzilmasi va mamlakatdagi noroziliklar haqida ham keskin bayonot bergan.