Toshkentdagi OTMlar atrofida 44 mingta avtomobil harakati kamaydi

Yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan Toshkentdagi oliy ta’lim tashkilotlarida birinchi smena darslari soat 08:00 da boshlanadigan bo‘ldi. Natijada poytaxtdagi 93 ta OTM joylashgan hudud atrofida ertalab soat 8:00 da 44 mingta transport vositasi harakati kamaydi, deya xabar berdi Transport vazirligi.
Avtobuslar soni 1,7 mingtaga yetkazildi
Yangi o‘quv yilidan boshlab poytaxt yo‘nalishlariga chiqarilayotgan avtobuslar soni 1 707 taga yetkazilgan.
Hozir Toshkentda 170 ta yo‘nalish bo‘yicha har kuni 24 mingdan ortiq avtobus qatnovi amalga oshirilmoqda.
Avtobuslarda to‘lov qoidalari qat’iylashdi
1-sentabrdan brutto-shartnoma asosida ishlayotgan barcha shahar avtobuslarida yo‘lkira to‘lash tartibi qat’iylashtirilgan.
Yangi qoidaga ko‘ra, yo‘lovchi avtobusga chiqishi bilan yo‘l haqini to‘lashi kerak. Agar to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmasa, yo‘lovchi chiptasiz harakatlanayotgan deb hisoblanadi va bu jarimaga sabab bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent metrosida poyezdlar oralig‘i qisqartirilishi haqida ma’lumot berilgandi. Xususan, tig‘iz vaqtlarda Chilonzor yo‘nalishida poyezdlar oralig‘i 1,5-2 daqiqagacha qisqartiriladi. O‘zbekiston yo‘nalishida bu ko‘rsatkich 3-3,5 daqiqa, Yunusobod yo‘nalishida 4-4,5 daqiqa, yerusti halqa yo‘nalishida esa 7-8 daqiqani tashkil etadi.