
Chery Jaguar Land Rover (CJLR) tomonidan ishlab chiqilgan yangi Freelander 8 yo‘ltanlamasi Xitoyda sotuv boshlanganidan atigi 12 soat o‘tib 5 mingta qat’iy buyurtma oldi. Model 818 ot kuchiga ega gibrid kuch qurilmasi bilan jihozlangan.
Freelander ma’lumotiga ko‘ra, «qat’iy buyurtma» mijoz avtomobil konfiguratsiyasini yakuniy tasdiqlaganidan keyin buyurtma puli qaytarilmasligini anglatadi. Freelander ilovasi orqali avtomobilga buyurtma berish uchun 5 ming yuan miqdorida to‘lov amalga oshiriladi.
Narxi $46 mingdan boshlanadi

Freelander 8 besh va olti o‘rindiqli konfiguratsiyalarda taklif etiladi. Chegirmalarsiz bazaviy Freelander 8 Pro 5-Seat versiyasi 309,9 ming yuan, ya’ni qariyb $46,1 ming turadi. Eng qimmat Max+ 6-Seat versiyasi esa 399,9 ming yuan — taxminan $59,5 mingga baholangan.
Biroq 30-sentabrgacha buyurtma bergan xaridorlar uchun maxsus takliflar amal qiladi. Ular hisobga olinganda ayrim versiyalarning narxi 289,9 ming yuandan boshlanadi. Kompaniya chegirmalar, trade-in bonusi, soliq imtiyozi, qo‘shimcha uskunalar va Huawei ADS 5 haydovchiga ko‘maklashuvchi tizimi uchun subsidiyalarni ham taklif qilmoqda.
818 ot kuchi va 4,6 soniyalik tezlanish
Freelander 8 EREV turidagi gibrid avtomobil bo‘lib, kapot ostida 1,5 litrli benzin dvigateli elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi generator vazifasini bajaradi.
Model 60,3 kVt·soat sig‘imli LFP batareyaga ega. Faqat elektr quvvatida CLTC sikli bo‘yicha 310 km masofa bosib o‘tishi mumkin.
Ikki elektromotorli to‘liq uzatma tizimi jami 610 kVt, ya’ni 818 ot kuchi va 813 Nm aylanish momentini beradi. Avtomobil 0 dan 100 km/soatgacha 4,6 soniyada tezlashadi.

Uzunligi 5 metrdan oshadi
Freelander 8 to‘liq o‘lchamli SUV hisoblanadi. Uning uzunligi 5118 mm, kengligi 2050 mm, balandligi esa 1898 mm. G‘ildirak bazasi 3040 mm ni tashkil etadi.
Avtomobilning yo‘l oralig‘i 220 mm, tortish imkoniyati esa 2 tonnagacha yetadi. Model ikki kamerali pnevmatik osma va orqa g‘ildiraklarni burish tizimiga ega. Shu sababli 5 metrdan uzun avtomobilning burilish radiusi 5,15 metrni tashkil qiladi.
Salonida 46,3 dyuymli ekran bor
Freelander 8 saloni besh yoki olti o‘rindiqli ko‘rinishda taqdim etiladi. Old oynaning tagida 46,3 dyuymli keng ekran joylashgan bo‘lib, u raqamli asboblar paneli vazifasini bajaradi.
Markazda Apple CarPlay va Huawei HiCar’ni qo‘llab-quvvatlaydigan 15,6 dyuymli sensorli displey o‘rnatilgan. Ikkinchi qatordagi o‘rindiqlarda 16 nuqtali massaj funksiyasi mavjud.
Shuningdek, avtomobil 17,3 dyuymli shift monitori, 10 litrli o‘rnatilgan muzlatkich va buklanadigan stollar bilan jihozlangan.
Avvalroq «Kursiv» Chevrolet Tracker avtomobilida muammo aniqlangani haqida yozgan edi.