Toshkent va Zarafshonda ichimlik suvidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi

eʼlon qilindi
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda
Toshkent va Zarafshonda ichimlik suvidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi
Foto: Departament

Toshkent shahri va Navoiy viloyatida ichimlik suvi tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib, jami 468,4 mln so‘mlik suvdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.

Aniqlangan holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Chilonzorda 366,6 mln so‘mlik zarar aniqlandi

Departamentning Chilonzor tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida «M.O.» MCHJ mas’ul shaxslari Nafosat mahallasidagi qurilish obyektida umumiy foydalanishdagi ichimlik suvi tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulanganliklari aniqlangan.

Tekshiruv ma’lumotlariga ko‘ra, buning natijasida 366,6 mln so‘mlik ichimlik suvidan noqonuniy foydalanilgan.

Zarafshonda 101,8 mln so‘mlik suvdan noqonuniy foydalanilgan

Yana bir holat Departamentning Zarafshon shahri bo‘limi tomonidan aniqlangan. Tergovga qadar tekshiruvda «Z.G.» MCHJ rahbari korxona binosida umumiy foydalanishdagi ichimlik suvi tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib, 101,8 mln so‘mlik ichimlik suvidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi

Departament ma’lumotiga ko‘ra, har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Farg‘ona va Namanganda giyohvand moddalar savdosiga chek qo‘yilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek