Andijondan Belarusga ilk uzum partiyasi yetkazildi

Andijon viloyatidan Belarus respublikasining Vitebsk viloyatiga uzumning ilk partiyasi yetkazib berildi. Bu haqda Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tomonlar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, meva-sabzavotlarni o‘zaro yetkazib berish, investitsiyaviy hamkorlik va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
Hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan
Mazkur yetkazib berish Andijon va Vitebsk viloyatlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Bunday loyihalar mahalliy mahsulotlarni yangi bozorlarga olib chiqish, O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash hamda hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston mahsulotlari Turkiya bozoriga chiqishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. O‘zbekistonning 70 ta oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi korxonasi Istanbulda bo‘lib o‘tgan «F-Istanbul» xalqaro ko‘rgazmasida o‘z mahsulotlarini namoyish etdi. Tadbir davomida xorijiy xaridorlar bilan muzokaralar o‘tkazilib, yangi eksport shartnomalarini tuzish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.