Nepaldagi suv toshqinlari budjetga qanchaga tushdi

eʼlon qilindi
Mamlakatda qariyb 20 mingta uyni qayta tiklash talab etiladi
Foto: Independent

26-avgust butun dunyo nigohi Nepalga qaratildi. Hududdagi dahshatli toshqinlar bolalar, qariyalar, yoshlar-u, o‘rta yoshlilarni ham ayab o‘tirgani yo‘q. Ko‘chalarda mingdan ortiq jasadlar, mashinalar suzdi. Shu bilan birga, bu ofat Nepal uchun kamida $2,56 mlrdga tushdi. Bu haqda Reuters xabar berdi. 

20 mingga yaqin uyni tiklash kerak

Mutasaddilarning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatda qariyb 20 mingta uyni qayta tiklash talab etiladi. Ularning kamida 7,5 mingtasi to‘liq vayron bo‘lgan.

Foto: Sputnik

Umumiy zarar miqdoriga vayron bo‘lgan va shikastlangan binolar, uy-joylar hamda infratuzilma obyektlari kiritilgan.

Rasmiylar bu raqamlar hozircha dastlabki ekanini ta’kidlamoqda. Jabrlangan hududlarda batafsil tekshiruvlar o‘tkazilgach, zarar miqdori yana o‘zgarishi mumkin.

Foto: CBC

Dastlabki to‘rt oy uchun $52,6 mln kerak

Nepalga tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish va tiklash ishlarining dastlabki to‘rt oyida taxminan $52,6 mln mablag‘ zarur bo‘ladi.

Foto: RTV

Ushbu mablag‘lar yo‘llarni tiklash, vaqtinchalik uy-joylar qurish, aholini ichimlik suvi va elektr energiyasi bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi.

Falokat muzlik qulaganidan keyin yuz bergan

Kuchli suv toshqini 26-avgust kuni Xitoy bilan chegaradosh hududda muzlikning qulashi ortidan boshlangan.

Suv, muz, tosh va loydan iborat ulkan oqim Trishuli daryosi vodiysiga oqib tushib, aholi punktlari va infratuzilmaga katta zarar yetkazgan.

Foto: Cabc.com

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Nepal va Xitoydagi tabiiy ofat oqibatida 1 250 nafardan ortiq kishi halok bo‘lgan, 4 200 dan ziyodi esa bedarak yo‘qolgan. Minglab aholi xavfsiz hududlarga ko‘chishga majbur bo‘lgan.

Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda

Ayni paytda qutqaruvchilar vayron bo‘lgan obyektlar va gidroenergetika inshootlari hududida qolib ketgan odamlarni qidirishda davom etmoqda.

Rasmiylar tabiiy ofat oqibatlarini to‘liq baholash va tiklash ishlarini bosqichma-bosqich amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Nepal hukumati halokat oqibatlarini bartaraf etish uchun xalqaro hamjamiyatdan $5 mlrd miqdorida yordam so‘rab murojaat qilgan. 

Eslatib o‘tamiz, 31-avgust kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan Bishkekda o‘tkazilgan uchrashuvda Xitoy raisi Si Szinpin Tibet avtonom rayonidagi kuchli sel oqibatlarini bartaraf qilish ishlari davom etayotganini ma’lum qilgandi. 

Shuningdek