OpenAI GPT-6 Astra modelini taqdim etdi

eʼlon qilindi
Hozircha model keng omma uchun ochilmagan
OpenAI GPT-6 Astra modelini taqdim etdi
Foto: Unsplash/Jonathan Kemper

OpenAI GPT-6 Astra nomli yangi sun’iy intellekt modelini ishga tushirdi. Kompaniya uni o‘zining eng kuchli modeli deb atamoqda va Astra dasturlash, ilm-fan, kiberxavfsizlik hamda ma’lumotlarni tahlil qilishda yuqori natija ko‘rsatishini ta’kidlamoqda.

Financial Times va Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, GPT-6 Astra 3-sentabrdan OpenAI’ning Daybreak dasturida qatnashuvchi biznes foydalanuvchilariga taqdim etilgan.

Hozircha model keng omma uchun ochilmagan. OpenAI uni yaqin kunlarda boshqa foydalanuvchilarga ham taqdim etishni rejalashtirmoqda.

Kiberxavfsizlik bo‘yicha qo‘shimcha cheklovlar

Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, ChatGPT’ning pulli foydalanuvchilari uchun Astra’ning alohida versiyasi chiqarilishi kutilmoqda. Unda kiberxavfsizlikka oid qo‘shimcha cheklovlar bo‘ladi.

OpenAI’ning izohiga ko‘ra, Astra foydalanuvchi ko‘rsatmalarini noto‘g‘ri talqin qilish ehtimoli aniqlansa, qo‘shimcha xavfsizlik tekshiruvlarini ishga tushiradi.

Bunday vaziyatda suhbat vaqtincha to‘xtatilishi yoki butunlay yakunlanishi mumkin.

Moliyaviy modellashtirishda kuchli natija ko‘rsatgani aytilmoqda

OpenAI Astra oldingi avlod modellariga nisbatan samaraliroq ishlashini ma’lum qilgan.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, model moliyaviy modellashtirishda yuqori natijalarga erishgan va Financial Modeling World Cup musobaqasida inson ishtirokchilaridan yaxshiroq ko‘rsatkich qayd etgan.

Shuningdek, Astra soliq hisobotlarini tayyorlash, ma’lumotlarni tahlil qilish va blankalarni to‘ldirish kabi kundalik vazifalarni ham bajarishi mumkin.

OpenAI Astra’ni AGI darajasiga yaqin deb baholamoqda

OpenAI prezidenti Greg Brokman jurnalistlar bilan brifingda yangi model imkoniyatlarini «butun bir avlodga teng sakrash» deb atagan. Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, Brokman Astra’ni umumiy sun’iy intellekt — AGI tushunchasi bilan bog‘lash mumkinligini aytgan.

AGI deganda sun’iy intellektning turli xil aqliy vazifalarda inson bilan teng yoki undan yuqori natija ko‘rsatadigan darajasi tushuniladi. Brokman esa AGI uchun yagona aniq ta’rif yo‘qligini ta’kidlagan.

Anthropic bilan raqobat kuchaymoqda

Financial Times yozishicha, GPT-6 Astra’dan foydalanish narxi OpenAI’ning asosiy raqibi Anthropic’ning Claude Fable 5.1 modeli bilan taxminan bir xil bo‘lishi kutilmoqda.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, sun’iy intellekt bozorida OpenAI va Anthropic o‘rtasidagi raqobat kuchayib bormoqda. OpenAI esa GPT-6 Astra orqali dasturlash, moliya, ilm-fan va kiberxavfsizlik yo‘nalishlaridagi imkoniyatlarini yanada kengaytirishni maqsad qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq OpenAI GPT-5.6 modellarini taqdim etgandi. U murakkab dasturlash, ilmiy tadqiqot, kiberxavfsizlik va uzoq davom etadigan agent vazifalarini bajarishga mo‘ljallangan.

Shuningdek