Farg‘onadagi ko‘p qavatli uyning yerto‘lasida akula boqilayotgani aniqlandi — video

Farg‘ona shahridagi ko‘p kvartirali uy yerto‘lasida sun’iy hovuz tashkil etilib, unda baliqlar, jumladan, akula yetishtirilayotgani aniqlandi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xabar berdi.
Yerto‘lada sun’iy hovuz tashkil qilingan
Holat Farg‘ona shahrining Muruvvat mahallasi, Farg‘ona ko‘chasi 78-uyda o‘tkazilgan monitoring ishlari davomida aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, 78-uydagi 17-xonadon mulkdori ko‘p kvartirali uyning yerto‘la qismida sun’iy hovuz o‘rnatgan.
O‘rganishlar davomida mazkur hovuzda baliqlar, jumladan, akula yetishtirilayotgani aniqlangan.
Inspeksiya bu holat Vazirlar Mahkamasining 648-son qarori talablariga zid ekanini qayd etdi.
Mulkdor jarimaga tortildi
Aniqlangan qoidabuzarlik yuzasidan mulkdorga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-1-moddasi (Fuqarolar o‘rtasida binoni, inshootni yoki ularning bir qismini, turarjoyni ijaraga berish shartnomasining, tekin foydalanishga berish shartnomasining mavjud emasligi yoxud davlat soliq organlarida ijaraga berish shartnomasining majburiy hisobga qo‘yilishiga rioya etmaslik) asosida ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
Shuningdek, unga yerto‘la hududini 15 kun ichida bo‘shatish va uni asl holatiga keltirish bo‘yicha yozma ko‘rsatma berilgan.
Bundan tashqari, ichimlik suvidan o‘zboshimchalik bilan foydalanish holati yuzasidan ham tegishli bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Yerto‘lalardan o‘zboshimchalik bilan foydalanish taqiqlanadi
Qonunchilikka ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarning umumiy foydalanishdagi hududlari, jumladan, yerto‘la qismlaridan belgilangan talablarga zid ravishda foydalanish taqiqlanadi.
Hozirda aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Avvalroq Samarqand shahrida ko‘p qavatli turarjoy binosida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlangandi.