O‘zbekistonda dam olish kunlari havo 2-3 darajaga isiydi

Dam olish kunlari O‘zbekiston hududida yog‘ingarchilik, asosan, kuzatilmaydi. 6-sentabr, yakshanba kuni esa harorat 2–3 darajaga ko‘tarilishi kutilmoqda. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.
Ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin
4 – 5-sentabr kunlari respublikaning katta qismida havo biroz bulutli bo‘ladi. Farg‘ona vodiysi viloyatlarining tog‘li hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.
Toshkent, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida ham juma kuni ertalab ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor.
Harorat 35 darajagacha ko‘tariladi
Juma va shanba kunlari mamlakatning aksariyat hududlarida kunduzgi havo harorati +28…+33 daraja bo‘ladi. Janubiy viloyatlarda harorat +35 darajagacha yetishi mumkin. Farg‘ona vodiysida esa +23…+28 daraja atrofida bo‘ladi.
Tungi va erta tonggi harorat +13…+18 daraja oralig‘ida saqlanadi.
6-sentabr, yakshanba kuni havo harorati yana 2-3 darajaga ko‘tariladi.
Ayrim joylarda shamol kuchayadi
4 – 5-sentabr kunlari respublikaning shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida shamol tezligi sekundiga 13 – 18 metrgacha kuchayishi mumkin. Ayrim hududlarda kuchli shamol chang-to‘zonlarni ham yuzaga keltirishi ehtimoli bor.
Toshkentda 34 darajagacha issiq bo‘ladi
Poytaxtda dam olish kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Bugun havo +30 darajagacha isiydi. Shanba kuni harorat +30…+32 daraja, yakshanba kuni esa +32…+34 daraja bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Toshkentda kechalari havo +16…+18 daraja atrofida bo‘ladi. Shamol sharqdan sekundiga 5 – 10 metr tezlikda esadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nepaldagi toshqinlardan 9 kun o‘tib, ikki ishchi tunneldan tirik topilgani haqida yozgandi.