Nvidia Hugging Face’ni 12,9 mlrd dollarga sotib oladi

Nvidia sun’iy intellekt modellari va dasturchilar uchun mashhur Hugging Face platformasini $12,93 mlrdga sotib olishga kelishdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Bitim chip ishlab chiqaruvchining ochiq sun’iy intellekt modellari bozoridagi ta’sirini kuchaytirishi kutilmoqda. Kelishuv Nvidia tarixidagi eng yirik bitimlardan biri bo‘ladi. Kompaniya shu yo‘l bilan Hugging Face orqali sun’iy intellekt modellari va vositalaridan foydalanayotgan dasturchilar bilan yaqinroq ishlashni maqsad qilmoqda.
Hugging Face investorlariga $11,9 mlrd to‘lanadi
Bitim shartlariga ko‘ra, Nvidia Hugging Face investorlariga qariyb $11,9 mlrd to‘laydi.
Bundan tashqari, Nvidia tarkibiga qo‘shiladigan Hugging Face xodimlari uchun aksiyalarga asoslangan, umumiy qiymati $1 mlrdgacha bo‘lgan rag‘batlantirish dasturi tashkil etiladi.
Ikki kompaniya bundan oldin ham hamkorlik qilib kelgan. Hugging Face platformasi orqali dasturchilarga Nvidia hisoblash infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlari taqdim etilgan.
Nvidia ochiq AI modellariga katta stavka qilmoqda
Hugging Face ochiq modellar ekotizimidagi eng muhim platformalardan biri hisoblanadi. Unda dasturchilar turli sun’iy intellekt modellarini topishi, yuklab olishi, ishga tushirishi va o‘z ehtiyojiga moslashtirishi mumkin.
OpenAI va Anthropic kabi kompaniyalarning yopiq tizimlaridan farqli ravishda, ochiq modellar ko‘pincha erkin yuklab olinadi va foydalanuvchilar tomonidan o‘zgartirilishi mumkin.
So‘nggi davrda bizneslar sun’iy intellektni joriy etish xarajatlarini kamaytirishga urinayotgani fonida bunday modellarga talab oshgan. Reuters Xitoyning DeepSeek va Z.ai kompaniyalarini ham ushbu bozordagi muhim ishtirokchilar qatorida qayd etgan.
Avvalroq «Kursiv» Nvidia 2028-yilda daromadini 70% oshirishni kutayotgani haqida yozgan edi.