2030-yildan tibbiyot xodimlari ro‘yxatdan o‘tadi

O‘zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-sentabr kuni tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda uzluksiz kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Tibbiyot xodimlarining yagona elektron reyestri yaratiladi
Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligini oshirish maqsadida mutaxassislarning bilim va amaliy tayyorgarligini mustaqil baholash tizimini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi.
Barcha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qamrab oladigan yagona elektron reyestr shakllantiriladi. U 16 ta axborot bazasi bilan integratsiya qilinib, mutaxassislarning ta’limi, malakasi va kasbiy faoliyatiga oid ma’lumotlarni bir joyda jamlaydi.

Baholash fundamental va klinik fanlar, keyinchalik esa mutaxassislik bo‘yicha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Buning uchun yagona test va topshiriqlar banki hamda zamonaviy simulyatsion bazalar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Imtihondan o‘ta olmagan mutaxassislarga uni qayta topshirish imkoniyati beriladi.
Ro‘yxatdan erta o‘tganlarga ustama berilishi mumkin
Yangi tizimga ixtiyoriy ravishda oldinroq kirgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini moddiy rag‘batlantirish ham taklif etildi.
Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tib, davlat ro‘yxatiga kiritilgan oliy ma’lumotli shifokor va farmatsevtika xodimlariga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining besh baravarigacha ustama to‘lash nazarda tutilmoqda.
O‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun esa ustama miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,5 baravarigacha bo‘lishi mumkin.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda mutaxassislarning malakasini baholash uchun alohida markaz tashkil etish rejalashtirilmoqda.
«Davolash ishi» o‘rniga «Umumiy tibbiyot» joriy etiladi
Tibbiy ta’lim tizimida ham katta o‘zgarishlar taklif qilindi. Ular Kembrij, Pensilvaniya va Garvard universitetlari tavsiyalari asosida xalqaro va mahalliy mutaxassislar ishtirokida ishlab chiqilgan.
2027/2028-o‘quv yilidan «Davolash ishi» yo‘nalishi o‘rniga olti yillik «Umumiy tibbiyot» bakalavriat dasturini joriy etish taklif qilinmoqda.
Talabalar besh yillik ta’limdan so‘ng yana bir yil davomida to‘liq amaliy tayyorgarlikdan o‘tadi. Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga oilaviy shifokor sifatida ishlash imkoniyati beriladi.
Tibbiyot oliygohlariga qabul parametrlari esa hududlar va tibbiyot muassasalarining real ehtiyoji hamda mavjud kadrlar yetishmovchiligidan kelib chiqib shakllantiriladi.
Tor soha mutaxassislari rezidenturada tayyorlanadi
Oilaviy tibbiyot bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi. Rezidentlarning oilaviy poliklinikalarda bir vaqtning o‘zida tahsil olishi va amaliyot o‘tashi yo‘lga qo‘yiladi.
Tor soha mutaxassislarini tayyorlash bosqichma-bosqich rezidenturaga o‘tkaziladi. Magistratura esa, asosan, ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashga yo‘naltiriladi.
Oliy ma’lumotli hamshiralarning tashxis qo‘yish, davolash va profilaktika jarayonlarida shifokorga yaqin ko‘makchi sifatidagi roli ham oshirilishi rejalashtirilgan.
Farmatsevtika ta’limi ishlab chiqarish bilan bog‘lanadi
Farmatsevtika yo‘nalishidagi ta’limni ishlab chiqarish jarayonlariga yaqinlashtirish ham ko‘zda tutilmoqda.
Korxonalar ehtiyojiga qarab dual ta’lim kengaytiriladi va amaliy mashg‘ulotlar ulushi oshiriladi. Talabalar dori vositalarini ishlab chiqishdan tortib, ularning sifatini nazorat qilish va standartlashtirishgacha bo‘lgan jarayonlarga jalb qilinadi.
Har yili 50 kredit to‘plash talab etiladi
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun uzluksiz kasbiy ta’limning yangi tizimini joriy etish ham taklif qilindi. Tizim kredit-modul tamoyiliga asoslanadi. Oliy ma’lumotli tibbiyot va farmatsevtika xodimlari har yili kamida 50 kredit, o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari esa kamida 28 kredit to‘plashi kerak bo‘ladi.
Ushbu kreditlar davlat ro‘yxatidan o‘tish va kasbiy malakani tasdiqlash jarayonida hisobga olinadi.
Mutaxassislar ta’lim provayderi, dastur va o‘qish shaklini mustaqil tanlashi mumkin bo‘ladi. An’anaviy va masofaviy ta’lim, onlayn kurslar, ish joyida malaka oshirish, seminar hamda treninglardan foydalanishga ruxsat beriladi.
Avvalroq «Kursiv» Toshkentda tibbiyot chiqindilarini noqonuniy tashlash holatlari aniqlangani haqida yozgan edi.