Qashqadaryoda qor yog‘di, «dom»da akula boqqan shaxs ushlandi — 4-sentabr yangiliklari

Qashqadaryoda qor yog‘di, «dom»da akula boqqan shaxs ushlandi — 4-sentabr yangiliklarini Kursi Uzbekistan dayjestida o‘qing.
Qashqadaryoda qor yog‘di — foto

Qashqadaryo viloyatidagi Hisor davlat qo‘riqxonasida havo keskin sovidi. Natijada qo‘riqxonaning Miraki va G‘elon bo‘limlaridagi yuqori tog‘li hududlar qor bilan qoplandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamenti ma’lum qildi.
Ma’lumotga ko‘ra, havo haroratining keskin pasayishi ortidan Miraki va G‘elon bo‘limlarining yuqori qismlariga qor yog‘gan. Hisor davlat qo‘riqxonasi G‘elon, Miraki, Tanxozdaryo va Qizilsuv bo‘limlaridan iborat.
Farg‘onadagi ko‘p qavatli uyning yerto‘lasida akula boqilayotgani aniqlandi — video

Farg‘ona shahridagi ko‘p kvartirali uy yerto‘lasida sun’iy hovuz tashkil etilib, unda baliqlar, jumladan, akula yetishtirilayotgani aniqlandi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xabar berdi.
Holat Farg‘ona shahrining Muruvvat mahallasi, Farg‘ona ko‘chasi 78-uyda o‘tkazilgan monitoring ishlari davomida aniqlangan.
iPhone 18 Pro Max uchun oldindan buyurtma ochildi — narx, tafsilotlar

Apple iPhone 18 liniyasini hali rasman taqdim etmadi, biroq Rossiyada iPhone 18 Pro Max uchun erta bron qilish boshlandi. «Ria Novosti» yozishicha, 256 GB xotirali eSIM-versiya 199 990 rubl ($2,3 ming)ga taklif qilinmoqda.
Bron qilish 4 – 8-sentabr kunlari restore sayti va ilovasi orqali amalga oshiriladi. Aksiya doirasida kafolatlangan narxda atigi 100 dona smartfon ajratilgan. Kompaniya qurilmalarni jahon savdosi boshlanganidan keyin, sentabrning uchinchi o‘n kunligida yetkazib berishni rejalashtirmoqda.
«AQShda tug‘ilsa, fuqarolik oladi» qoidasi: Tramp qarori to‘xtatildi

AQShda mamlakat hududida tug‘ilgan chaqaloqlarga fuqarolik berishni cheklashga qaratilgan prezident Donald Tramp farmoni ijrosi yana to‘sib qo‘yildi. Bu haqda Euronews nashri xabar berdi.
Merilend okrug sudi ma’muriyatga ushbu hujjatni amalga oshirishni taqiqladi.
Sud qaroriga ko‘ra, AQSh Davlat kotibi, Bosh prokurori, Ichki xavfsizlik vaziri, Fuqarolik va immigratsiya xizmati direktori hamda Ijtimoiy ta’minot ma’muriyati rahbari va ularning vakillari farmonni qo‘llashi yoki ijro etishi mumkin emas.
Centrum Air Tailandga reyslarni davom ettiradi

O‘zbekistonning Centrum Air aviakompaniyasi Tailandga parvozlarni tasdiqlangan jadval asosida davom ettirmoqda. Kompaniya hozircha mamlakatga aviachiptalarga bo‘lgan talabda sezilarli o‘zgarish kuzatilmaganini ma’lum qildi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan’ga aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Centrum Air vakillarining ta’kidlashicha, kompaniya Tailandga parvozlar bilan bog‘liq vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda.
Glinka ko‘chasidagi avariya ortidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Toshkent shahridagi Glinka ko‘chasida yuz bergan hodisa bo‘yicha dastlabki sabab ma’lum qilindi. Toshkent shahar hokimligiga ko‘ra, yerosti gaz quvuridan sizib chiqqan gaz issiqlik tarmog‘i kamerasida to‘planib, avariya holatini yuzaga keltirgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, diametri 219 millimetr bo‘lgan yerosti gaz quvurining bir nechta joyida sizib chiqish aniqlangan.
Tekshiruv vaqtida gaz sizib chiqayotgan qismning umumiy maydoni taxminan 375 kvadrat santimetrni, ya’ni 15×25 santimetrni tashkil qilgani qayd etilgan.
Shavkat Mirziyoyev Jorja Meloniga qanday maktub yo‘lladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya Vazirlar Kengashi raisi Jorja Melonini ushbu lavozimda eng uzoq faoliyat yuritgan hukumat rahbari sifatida tarixga kirgani bilan tabrikladi. Prezident maktubida Jorja Melonining bu natijasi uning siyosiy irodasi, qat’iyati va davlat boshqaruvidagi mas’uliyatiga Italiya xalqi bildirgan ishonchning tasdig‘i ekanini qayd etdi.
Shavkat Mirziyoyev hozirgi murakkab xalqaro sharoitda Italiyaning milliy manfaatlarini himoya qilish, mamlakatning Yevropa Ittifoqi va xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarni yuqori baholadi.
Azaga aylangan to‘y: AQSh kuchlari to‘y paytida bomba tashladi

1-sentabr oqshomi. Bolalarning shodon kulgisi, mehmonlarning tabriklari. Ammo AQShning kutilmaganda tashlagan bombasi visol kechasini qon bilan beladi.
Hormozgan viloyatidagi to‘y marosimi o‘tkazilayotgan uyga berilgan zarba oqibatida besh kishi halok bo‘lib, 68 kishi yaralandi. Eron rasmiylari hujum uchun AQShni ayblamoqda. Tahlillar esa bino AQSh o‘q-dorisi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri nishonga olingan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Arzon smartfonlar keskin kamayishi mumkin

2026-yilda smartfonlar uchun xotira chiplari narxining keskin qimmatlashuvi global telefon bozoriga bosim o‘tkazmoqda. Ishlab chiqaruvchilar xarajatlarni kamaytirish uchun o‘rta va arzon segmentdagi qurilmalar ishlab chiqarilishini qisqartirib, ayrim modellarning narxini oshirmoqda.
DIGITIMES hisobotiga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida smartfonlarda foydalaniladigan xotira chiplari bo‘yicha kontrakt narxlari 50 – 80 foizga oshgan.
O‘zbekiston MDHda venchur bitimlari soni bo‘yicha yetakchiga aylandi

2026-yilning birinchi yarmida Rossiyadan tashqari MDH davlatlarida qayd etilgan 58 ta venchur bitimning 44 tasi O‘zbekistonga to‘g‘ri kelgan. Bu mintaqadagi jami bitimlarning 76 foizini tashkil etadi. Bu haqda DSIGHT kompaniyasining Venchur Yevroosiyo tadqiqoti e’lon qilindi.
DSIGHT kompaniyasining Venchur Yevroosiyo tadqiqotiga ko‘ra, 2026-yil yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston Rossiyadan tashqari MDH mamlakatlari orasida venchur faolligi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan.