Tadbirkorga foydalana olmagan 7,2 gektar yeri uchun 772 mln so‘m qaytariladi

Sirdaryoda tadbirkor auksion orqali sotib olgan yeridan foydalana olmagani sababli to‘lagan 772 mln so‘mini qaytarib oladigan bo‘ldi. Sud yer ijara shartnomasini muddatidan oldin bekor qildi. Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi.
Yer auksion orqali olingan
P.E. korxonasi E-auksion platformasi orqali Sirdaryo erkin iqtisodiy zonasi hududidan 7,24 gektar yer maydonini olgan va buning uchun belgilangan to‘lovlarni amalga oshirgan.
Tadbirkor ushbu hududdan shartnomada ko‘rsatilgan maqsadlarda foydalanishni rejalashtirgan.
Hududda boshqa loyiha belgilangan
Keyinchalik hukumat qarori bilan mazkur hududda sanoat kooperatsiyasi markazi obyektlarini barpo etish belgilangan.
Shu sababli tadbirkor auksion orqali olgan yeridan shartnomada nazarda tutilgan maqsadda foydalana olmagan.
Biznes-ombudsman sudga murojaat qildi
Muammo bo‘yicha tadbirkor Biznes-ombudsmanga murojaat etgan. Uning manfaatlarini himoya qilish maqsadida Guliston tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritilgan.
Sud ishni ko‘rib chiqib, tadbirkorning talablarini to‘liq qanoatlantirgan. Natijada yer ijara shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan.
Bundan tashqari, Sirdaryo erkin iqtisodiy zonasi direksiyasidan tadbirkor foydasiga 772 mln so‘m undirish belgilangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qoraqalpog‘istonda tadbirkorga solingan 1 mlrd so‘mlik jarima bekor qilingani haqida yozgandi.