Xorazmning sobiq IIB rahbari Andijonga IIB boshlig‘i bo‘ldi

Polkovnik Abdumajid Shermuxamedov Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bungacha Xorazm viloyati IIB boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Yangi rahbar navbatdan tashqari sessiyada tanishtirildi
Tayinlov Andijon viloyati xalq deputatlari Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi doirasida ma’lum qilindi.
Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘iga asosan, ilgari Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimida xizmat qilgan polkovnik Shermuxamedov Abdumajid Mavlyanovich Andijon viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi.
Sessiyada viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmanov, Prezident Administratsiyasi mas’ullari, Ichki ishlar vazirligi vakillari, xalq deputatlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari ishtirok etdi.
Yangi rahbar oldiga qator vazifalar qo‘yildi
Yig‘ilishda hududdagi kriminogen vaziyat muhokama qilinib, jinoyatchilikning oldini olish va mahallalarda xavfsiz muhitni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yangi tayinlangan IIB boshlig‘i zimmasiga jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash, aholi murojaatlari bilan manzilli ishlash hamda mavjud muammolarni tizimli hal qilish bo‘yicha vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, shahar va tuman ichki ishlar bo‘limlari rahbarlariga profilaktik va amaliy ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Avvalroq O‘zbekiston Prezidenti qaroriga muvofiq, Muxsinxo‘ja Tursunxo‘jayevich Abdurahmonov Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori etib tayinlangandi.