Akula emas, Siam balig‘i — Farg‘onadagi holat bo‘yicha Ekologiya qo‘mitasi izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona shahridagi ko‘p qavatli uylardan birining yerto‘lasida akula boqilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi o‘rganishidan so‘ng bu baliq akula emas, Siam somi ekani ma’lum bo‘ldi.
Holat Farg‘ona shahrining Muruvvat mahallasida o‘rganilgan. Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro T.M. akula emas, balki Siam somi balig‘ini boqib kelgan.
Siam somi akvarium balig‘i bo‘lib, tashqi ko‘rinishi akulaga o‘xshagani sabab «akulasimon som» yoki Pangasius nomi bilan ham tanilgan.
Baliqlar endi hovliga ko‘chirilgan
Fuqaro internetda noto‘g‘ri ma’lumot tarqalib ketgani uchun uzr so‘ragan.
Uning aytishicha, baliqlar hozir yerto‘lada emas, balki uyining hovlisida saqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Surxon» davlat qo‘riqxonasida ilk bor jayronlar ko‘rinish bergani haqida xabar berilgandi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qilishicha, qo‘riqxona hududiga Turkmanistondan 10 bosh jayron ko‘chib o‘tgan.