O‘zbekistonda 11 mingdan ortiq dorixonalar «Elektron retsept» tizimida ishlamoqda

O‘zbekistonda 11 mingdan ziyod dorixonalar «Elektron retsept» tizimi asosida faoliyat yuritmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, tizim orqali shifokor bemor uchun QR-kodli elektron retsept shakllantiradi va u avtomatik ravishda dorixonalarning axborot tizimiga yuboriladi.
«Elektron retsept» DMED tizimining asosiy modullaridan biri hisoblanadi. U dori vositalarini tayinlash va sotish jarayonini raqamlashtirishga qaratilgan.
«Elektron retsept» 2025-yil 10-dekabrdan Toshkent shahri hamda tajriba-sinov tariqasida belgilangan 15 ta tuman va shaharda amaliyotga kiritilgan. 2027-yil 1-yanvardan esa tizimni O‘zbekistonning qolgan hududlarida ham to‘liq joriy etish rejalashtirilgan.
Elektron retsept qanday ishlaydi
Shifokor bemor uchun «Elektron retsept» moduli orqali QR-kodli retsept yaratadi.
Ma’lumotlar avtomatik tarzda dorixonalarning axborot tizimiga uzatiladi. Shifokor, klinika va dorixona haqidagi ma’lumotlar tizimda qayd etib boriladi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, bu elektron retseptni soxtalashtirishning oldini olishga xizmat qiladi.
40 ga yaqin dorixonalar tizimi bilan integratsiya qilingan
«Elektron retsept» moduli Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi axborot tizimi va Soliq qo‘mitasining Mahsulotlar, tovarlar va xizmatlar yagona elektron milliy katalogi bilan integratsiya qilingan.
Shuningdek, modul dorixonalarda foydalaniladigan 40 ga yaqin axborot tizimlari bilan bog‘langan.
Natijada hozirda 11 mingdan ortiq dorixonalar «Elektron retsept» tizimida ishlamoqda.
Antibiotiklarni nazoratsiz sotishga qarshi nazorat kuchaymoqda
SSV ma’lumotiga ko‘ra, yangi tizim dori vositalarini tayinlashni nazorat qilish imkonini kengaytirgan.
Shuningdek, antibiotiklarni shifokor ko‘rsatmasisiz sotish holatlarini kamaytirish maqsad qilingan.
Tizim qog‘oz retseptlardan foydalanishni qisqartirish, ortiqcha byurokratik jarayonlarni kamaytirish va bemorlar uchun xizmatni soddalashtirishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq G‘ijduvon va Nukus tumanlarida tashkil etilgan yashirin sex va omborlarda qalbaki, sertifikatsiz hamda yaroqlilik muddati o‘tgan 70 mingdan ortiq dori vositalari saqlangani aniqlangandi.