Oliy ma’lumotli hamshira va tibbiyot og‘alariga ustama to‘lanadi

2027/2028-o‘quv yilidan boshlab oliy ma’lumotli hamshira va tibbiyot og‘alariga qo‘shimcha ustama to‘lash tizimi joriy etiladi. Bakalavriatni tamomlaganlarga har oy mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravari, magistraturani bitirganlarga esa 2 baravari miqdorida ustama beriladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.
Yangi maktab tashkil etiladi
2027/2028-o‘quv yilidan Toshkent davlat tibbiyot universiteti tarkibidagi Hamshiralar akademiyasi negizida Ilg‘or tibbiy hamrohlik maktabi tashkil etiladi.
Maktab AQShning Pensilvaniya universiteti bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi.
Ta’lim yo‘nalishi nomi o‘zgaradi
«Oliy hamshiralik ishi» bakalavriat ta’lim yo‘nalishi «Oliy tibbiy hamrohlik ishi» yo‘nalishiga o‘zgartiriladi.
Ushbu yo‘nalish bitiruvchilaridan ayollarga «hamshira», erkaklarga esa «tibbiyot og‘asi» kvalifikatsiyasi beriladi.
Qabul har yili oshiriladi
Bakalavriatga qabul har yili kamida 20 foizga oshirib boriladi.
Ta’lim yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma dasturlar asosida tashkil etiladi. Bunda xorijiy OTMning o‘quv dasturlarining kamida 70 foizi o‘zlashtirilishi belgilangan.
Ustama miqdori qanday bo‘ladi
Bakalavriatni tamomlagan hamshira va tibbiyot og‘alariga har oy mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravari miqdorida ustama to‘lanadi.
Magistraturani tamomlagan mutaxassislarga esa bu ustama 2 baravar miqdorida beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 11 mingdan ortiq dorixonalar «Elektron retsept» tizimida ishlayotgani xabar qilingandi.