Mehnat inspeksiyasi dam olish kunlari xodimlarni majburan ishlatishdan ogohlantirdi

Davlat mehnat inspeksiyasi xodimlarni ish vaqtidan tashqari yoki dam olish kunlarida turli topshiriqlarni bajarishga majburlash mumkin emasligini eslatdi. Inspeksiya bunday holatlar bo‘yicha murojaatlar kelib tushayotganini ma’lum qildi.
Dam olish kunidagi majburiy topshiriqlarga chek qo‘yiladi
Davlat mehnat inspeksiyasi matbuot xizmatiga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim hududlarda xodimlarni ish vaqtidan tashqari, jumladan, dam olish kunlari turli topshiriqlarni bajarishga majburan jalb etish holatlari yuzasidan murojaatlar tarqalmoqda.
Inspeksiya majburiy mehnat qonunchilik bilan taqiqlanganini ta’kidladi. Xodimni jazolash yoki unga bosim o‘tkazish tahdidi ostida, roziligisiz mehnatga majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
«Ijtimoiy reyestr» bo‘yicha ham ogohlantirish berildi
Inspeksiya ayrim hududlarda «Ijtimoiy reyestr»ga kiritilgan fuqarolarni asossiz yoki majburan reyestrdan chiqarish holatlari ham kuzatilayotganini bildirdi.
Bunday harakatlar fuqarolarning davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy himoya va ko‘maklardan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
«Hech qanday topshiriq huquqlarni cheklash uchun asos bo‘la olmaydi»
Davlat mehnat inspeksiyasi xodimlarning mehnat huquqlari hamda fuqarolarning ijtimoiy himoyaga bo‘lgan huquqlari qonun bilan himoyalanganini eslatdi.
«Hech qanday topshiriq xodimning mehnat huquqlarini yoki fuqaroning ijtimoiy himoya huquqlarini cheklash uchun asos bo‘la olmaydi», – deyiladi inspeksiya matbuot xizmati xabarida.
Aybdor mansabdorlar javobgarlikka tortiladi
Qayd etilishicha, kelib tushgan murojaatlar o‘rganiladi. Agar murojaatlarda ko‘rsatilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topsa, aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar ko‘riladi.
Shuningdek, hududlardagi rahbarlarga bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tegishli ogohlantirishlar yuboriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentdagi ayrim tashkilotlarda ish kunini soat 8:00 dan boshlash taklif qilingani haqida yozgandi.