Shavkat Mirziyoyev Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi bilan JSTga a’zolikni muhokama qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-sentabr kuni Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Yan Sondersni qabul qildi. Uchrashuvda bojxona tartiblarini soddalashtirish, raqamlashtirish va O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Yan Sonders Toshkentda o‘tayotgan yettinchi Global kinologiya forumida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan.
Eksport va import rasmiylashtiruvi soddalashtirilgan
Uchrashuvda O‘zbekistonda bojxona sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijalari qayd etildi.
Ma’lumotga ko‘ra, hozir eksport yuklarining 94 foizi va import yuklarining 87 foizi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilmoqda.
Bojxona deklaratsiyalarini rasmiylashtirish vaqti esa 20 daqiqagacha qisqartirilgan.
Raqamlashtirish davom ettiriladi
Tomonlar bojxona organlarida raqamli yechimlarni kengroq joriy etish, ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish va korrupsiyaviy xavflarni qisqartirish masalalarini ham ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, bojxona tartib-taomillarini uyg‘unlashtirish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish hamda xodimlarni o‘qitish va malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
JSTga a’zolik masalasi ham muhokama qilindi
Uchrashuvda bu yo‘nalishdagi ishlar O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishga tayyorgarligi uchun muhim ekani ta’kidlandi.
Jahon bojxona tashkiloti ko‘magida O‘zbekiston savdoni yengillashtirish bo‘yicha qator xalqaro konvensiyalarga qo‘shilgani, zamonaviy bojxona nazorati mexanizmlari joriy etilgani va Bojxona xizmati faoliyatini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi qabul qilingani qayd etildi.
Hamkorlik bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqiladi
Uchrashuv yakunida tomonlar bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish va hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan qo‘shma «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va qabul qilishga kelishib oldi.
Eslatib o‘tamiz, 1-oktabrdan bojxonada tadbirkorlar uchun yangi yengilliklar joriy etilishi haqida xabar berilgandi.