O‘zbekiston akkreditatsiya markazi faoliyati tartibga solindi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan «Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston akkreditatsiya markazi davlat muassasasi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Hujjat bilan markazning huquqiy maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi.
Yagona davlat siyosatini amalga oshiradi
Nizomga ko‘ra, O‘zbekiston akkreditatsiya markazining asosiy vazifalaridan biri muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish hisoblanadi.
Shuningdek, markaz xalqaro va milliy akkreditatsiya organlari bilan hamkorlik qiladi. Sohada xalqaro standartlar va texnik reglamentlarni joriy etish ham uning vazifalaridan biri qilib belgilangan.
Markazning huquqlari kengaytirildi
Markaz o‘z vakolati doirasidagi masalalar bo‘yicha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini belgilangan tartibda muvofiqlashtirish huquqiga ega.
Bundan tashqari, o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha zarur statistik axborotlarni statistika organlaridan bepul olish imkoniyati berildi.
Markazga direktor rahbarlik qiladi
O‘zbekiston akkreditatsiya markazi faoliyatiga direktor rahbarlik qiladi.
Direktor O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan sanoat xavfsizligi sohasida akkreditatsiya olish tartibi o‘zgargani haqida yozgandi.