Messi sabab Argentina O‘zbekiston bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazmaydi

Argentina terma jamoasining O‘zbekiston bilan 30-sentabr kuni Xitoyda o‘tkazishi rejalashtirilgan o‘rtoqlik uchrashuvi bekor qilindi. Bunga Lionel Messining Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunlashi sabab mamlakat terma jamoasi Osiyo safarini bekor qilgan. Bu haqda ESPN Argentina xabar berdi.
Argentina FIFA kunlarini o‘z maydonida o‘tkazadi
Argentina futbol assotsiatsiyasi (AFA) 21-sentabrdan 6-oktabrgacha davom etadigan FIFA kunlari doirasida terma jamoaning ikki yoki uchta o‘rtoqlik uchrashuvini o‘z maydonida o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Uchrashuvlarning aniq dasturi va raqiblari yaqin kunlarda e’lon qilinishi kutilmoqda. ESPN jurnalisti Diyego Monroyning ma’lumotiga ko‘ra, Argentina terma jamoasining butun FIFA oynasini o‘z maydonida o‘tkazish ehtimoli 90 foizni tashkil etmoqda.
Bahslarning bir qismi Buenos-Ayresdagi «Monumental» stadionida, qolgan uchrashuvlar esa Kordovada o‘tkazilishi mumkin. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, raqiblar Markaziy Amerika terma jamoalari bo‘ladi.
O‘zbekiston bilan uchrashuv ham bekor qilindi
Dastlab Argentina terma jamoasining Osiyo safari rejalashtirilgan va 30-sentabr kuni Xitoyda O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgandi.
Biroq Lionel Messining xalqaro faoliyatini yakunlash qaroridan so‘ng Argentina terma jamoasining Osiyo safari rejasi o‘zgargan. Natijada O‘zbekiston bilan Xitoyda o‘tkazilishi kutilgan bahs ham bekor qilingan.
Argentina terma jamoasi endilikda kuzgi uchrashuvlardan yangi tarkibni sinovdan o‘tkazish va Messisiz o‘yin modelini shakllantirish uchun foydalanishi mumkin.
Avvalroq O‘zbekiston terma jamoasining navbatdagi FIFA kunlarida Janubiy Koreya va Eronga qarshi uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi.