9-sentabrdan Xiva – Buxoro yo‘nalishida yangi elektropoyezd qatnovi boshlanadi

9-sentabrdan Xiva – Buxoro – Xiva yo‘nalishida zamonaviy «CRRC-Dalian» elektropoyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» xabar berdi.
Xiva – Buxoro yo‘nalishi
9-sentabrdan 707-sonli Xiva – Buxoro-1 elektropoyezdi seshanbadan tashqari haftaning barcha kunlari qatnaydi. Poyezd Xivadan soat 09:55 da jo‘nab, Buxoroga 14:32 da yetib boradi.
706-sonli Buxoro-1 – Xiva elektropoyezdi esa dushanbadan tashqari barcha kunlari harakatlanadi. U Buxorodan soat 15:45 da jo‘nab, Xivaga 20:25 da yetib keladi.

5 ta vagondan iborat elektropoyezd jami 415 ta ekonom klass o‘rindig‘iga ega.
Buxoro – Toshkent qatnovi ham boshlanadi
14-sentabrdan 701-sonli Buxoro-1 – Toshkent elektropoyezdi har dushanba kuni qatnaydi. Poyezd Buxorodan soat 15:17 da jo‘nab, Toshkentga 21:22 da yetib boradi.
15-sentabrdan esa 702-sonli Toshkent – Buxoro-1 elektropoyezdi har seshanba kuni harakatlanadi. U Toshkentdan soat 10:05 da jo‘nab, Buxoroga 15:17 da yetib keladi.
Ayrim poyezdlar jadvali o‘zgaradi
Yangi elektropoyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan ayrim yo‘lovchi poyezdlarining harakat jadvaliga ham o‘zgartirishlar kiritiladi.
56-sonli Toshkent janubiy – Xiva poyezdi jadvali 8-sentabrdan, 58-sonli Toshkent janubiy – Shovot poyezdi 10-sentabrdan o‘zgaradi.
127/128-sonli Andijon – Qo‘ng‘irot – Andijon poyezdi 8-sentabrdan, 301-sonli Dushanbe – Toshkent poyezdi esa 15-sentabrdan yangi jadval asosida harakatlanadi.
Shuningdek, 6412-sonli Toshkent janubiy – Xovos poyezdi 15-sentabrdan har seshanba kuni, 6353-sonli Urganch – Nukus poyezdi esa 9-sentabrdan o‘zgartirilgan jadval asosida qatnaydi.
Andijon – Qo‘ng‘irot poyezdi 1,5 soat kechikadi
«O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ ma’lumotiga ko‘ra, 127/128-sonli «Andijon – Qo‘ng‘irot – Andijon» poyezdi 2026-yil 8-sentabrdan belgilangan jadvalga nisbatan 1 soat 30 daqiqa kechroq manziliga yetib boradi.
Yo‘lovchilardan safarlarini rejalashtirishda yangi harakat jadvalidagi o‘zgarishlarni inobatga olish so‘ralgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Parkent va Toshkent o‘rtasida yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilgani haqida yozgandi.