Toshkent va Mavrikiy o‘rtasida aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi

eʼlon qilindi
Mavrikiy — Hind okeanining janubi-g‘arbiy qismida, Madagaskarning sharqida joylashgan orol davlat
Foto: corporateimmigrationpartners.com

2026-yilning 26-dekabridan boshlab Toshkent — Mavrikiy yo‘nalishida ilk bor to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. Shu munosabat bilan Toshkentdagi Hyatt Regency mehmonxonasida O‘zbekiston va Mavrikiy turizm tadbirkorlarining ikki tomonlama ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi. 

2027-yildan Marvikiyga haftasiga bir marta parvoz

Muloqot O‘zbekistonning Prestige Travel kompaniyasi tashabbusi bilan Turizm qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi. Unda Mavrikiyning yetakchi turizm kompaniyalari va mehmonxona brendlari vakillari hamda mahalliy turoperatorlar ishtirok etib, ikki tomonlama turistik loyihalarni ishga tushirish va hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Rejaga ko‘ra, dastlabki bosqichda 26-dekabr va yanvar oylarida jami 4 ta Toshkent — Mavrikiy — Toshkent qatnovi amalga oshiriladi. 2027-yil iyunidan esa ushbu yo‘nalish bo‘yicha haftasiga bir marta muntazam reyslar yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Markaziy Osiyo va MDH fuqarolari O‘zbekistonga keladi

Yangi yo‘nalish O‘zbekiston turizmi uchun Afrika qit’asida yangi bozor ochishdan tashqari, Toshkentning Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlaridan Mavrikiyga yo‘lovchilar oqimini yo‘naltiruvchi tranzit markazi sifatidagi salohiyatini oshiradi. Kelgusida Qozog‘iston, Rossiya va boshqa MDH davlatlari sayyohlari Toshkent orqali Mavrikiyga uchishlari mumkin bo‘ladi.

Aviaqatnovlar 2026-yildan har yili iyun–avgust oylarida amalga oshirilayotgan «Ochiq turizm mavsumi» dasturi doirasida yo‘lga qo‘yilmoqda. Dastur turizm bozori ishtirokchilari uchun moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarini nazarda tutadi: yangi yo‘nalish ochayotgan aviatashuvchilarga har bir jalb qilingan xorijiy turist uchun 100 AQSh dollari subsidiya hamda aeroport xizmatlarida 20 foizlik chegirma, mahalliy turoperatorlarga esa uzoq xorijdan jalb qilingan har 1000 turist uchun 5000 AQSh dollari subsidiya ajratiladi.

Mavrikiy haqida

Mavrikiy — Hind okeanining janubi-g‘arbiy qismida, Madagaskarning sharqida joylashgan orol davlat. Mamlakat poytaxti Port-Luis shahri bo‘lib, Mavrikiy oq qumli plyajlari, tropik iqlimi va sayyohlik infratuzilmasi bilan mashhur. Mamlakat iqtisodiyotida turizm muhim o‘rin tutadi. Aholisi etnik va diniy jihatdan xilma-xil bo‘lib, hind kelib chiqishidagi aholi mamlakatda katta ulushni tashkil etadi.

Avvalroq Turkiyaning SunExpress aviakompaniyasi 2026-yil 1-avgustdan Izmir – Toshkent – Izmir yo‘nalishida muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘ygani haqida xabar berilgandi. 

Shuningdek